Mirza Orif Deggaroniy - Navoiy viloyatidagi bizdan ko‘ra turkiyalik qardoshlar ko‘proq biladigan obida

Odatda bu viloyat haqida gap ketganda navqiron hudud sifatida e’tirof etiladi. Biroq mamlakatimizdagi eng qadimiy obida Navoiy viloyatida ekanligini ko‘pchilik bilmasligi tayin. Masjid imomining aytishicha, Naqshbandiyning ustozi dafn etilgan bu maskanni yaqinda turkiyalik 100 kishilik sayyohlar guruhi ziyorat qilgan.
Rivoyatlarga qaraganda, hazrat hayotligida u yashagan Karmana tumanidagi Xazora qishlog‘iga katta sel kelgan. Shunda u "Xalqqa ofat zarar qilmasin, undan ko‘ra meni ol" deb suv yo‘liga chiqqanida sel qishloqni aylanib o‘tgan ekan.
Valiy zot - Mir Sayyid kulolning sevimli shogirdi Deggaroniy nomini bejizga olmagan. Chunki u garchi katta ilm sohibi, qavm sardori bo‘lsa-da qozon quyuvchi hunari bilan shug‘ullangan.
Bu avliyo jismi qo‘yilgan joydagi masjid ham alohida tarixga ega. Aytilishicha, u yurtimizga Islom dini kirib kelishidan oldin otashparastlarning ibodatxonasi sifatida qurilgan. Shu jihatdan, u yurtimizdagi eng qadimiy obida bo‘lishi mumkin.
Albatta, viloyatda sayyohlarni o‘ziga jalb etadigan uzoq tarixga ega maskanlar ko‘plab topiladi. Misol uchun, Sarmishsoy darasi nafaqat O‘zbekiston, balki xorijliklarga ham ma’lum.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamkorligida tashkil qilingan mediaforum ishtirokchilari hududdagi yana bir qadamjo - Nurota tumanidagi "Chashma"ga ham borishdi. Respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan ijodkorlar Navoiy viloyatining sayyohlik salohiyati ham ancha yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari viloyatda bu boradagi yangi izlanishlar, yaratilayotgan qo‘shimcha infrastrukturalar bilan yaqindan tanishdi.