Mirziyoyev Yevropa Ittifoqini "yashil" taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi

Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan birinchi "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammiti Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Prezident Yevropa Ittifoqini "yashil" taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, bunda alohida e’tiborni eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, «Smart-AKIS» Yevropa tarmog‘i yordamida «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratishga chaqirdi.

«Erasmus+» va «Yevropa gorizonti» dasturlari doirasida ta’lim bo‘yicha Yevropaning ilg‘or metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish, qo‘shma fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish taklif qilindi.

Noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning
Luvr muzeyida mintaqamiz xalqlarining madaniyatiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazma tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda o‘tkazib borish tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.

Afg‘onistonga ko‘maklashish masalasida butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy ko‘magi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan vaqtdan buyon uch yil o‘tdi. Afsuski, pandemiya sababli ko‘pgina tadbirlar va masalalar to‘liq amalga oshirilmay qolgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz strategiyaning bajarilishini jadallashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ko‘p tomonlama dasturiy hujjat – “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yo‘lida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanini ta’kidladi.