Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi ta’mirlanmoqda

Davlat muzey-qo‘riqxonasi ma’muriyati va ilmiy jamoasi ayni qish fasli bo‘lishiga qaramasdan, olib borilayotgan ta’mir ishlarining sifatiga e’tibor qaratib, har bir ta’mirchi ustaga kerakli shart-sharoit yaratish va ta’mirlash ishlari sifatini - har bir marmar, koshin ashyolarining asl nusxasi bilan rangi, hajmi mos tushishini nazoratga olmoqda. Ta’mir sifatini yanada oshirish maqsadida, ayniqsa, qadimgi ustalar avlodlari bilan maslahatlashishga alohida urg‘u beryapmizki, bu ta’mir ishlarining sifati, tarixiy jozibasining saqlanishiga ta’sir qilmoqda.

Bugun Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi janubiy peshtoqi devorining koshinkorlik ishlari tugagan bo‘lsa-da, peshtoqning orqa qismida hali ishlar nihoyasiga yetmagan. Janubi-g‘arbiy peshtoqning orqa qismidagi koshinlarni terish jarayonida uch yarim santimetrga farq qilgani va koshinning gipslari muzlab qolgani uchun terilgan bir metr koshin uzib olinib, ta’mir ishlari qaytadan amalga oshirildi.

Mazkur sa’y-harakatlar milliy madaniyatimizni asrab-avaylash, yurtimizdagi tarixiy obida va yodgorliklarni qayta tiklash, o‘rganish va kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar namunasidir.

Ikromiddin Sirojiddinov.