Misr tamadduni qachon boshlangan?

Misr sivilizasiyasi tarixi eramizgacha taxminan besh ming yil avval boshlangan deb hisoblash rasman qabul qilingan. Ammo ko‘pchilik manbalar mutlaqo boshqa sanalarni keltiradi.
Ularning ma’lumotlariga qaraganda, Misrda bu davrga qadar boshqa sivilizatsiya mavjud bo‘lgan. Jumladan, qadim tarixchi Gerodot o‘zining mashxur "Tarix" asarida "Hozirgacha misrliklar va ularning kohinlari menga qadimgi rivoyatlarni taqdim etib keladi", deb yozadi. Ularning aytishlaricha, birinchi Misr podshosi davridan so‘nggi Koxin Gefestgacha 341 avlod o‘tgan va bu vaqt ichida shuncha oliy kohin hamda podsholar bo‘lgan. 300- avlod davri 10 ming yilni tashkil qiladi. Buning ustiga yana 41 avlod qo‘shilib, 1340 yilni ko‘rsatadi.
Mashhur faylasuf va olim Diogen esa misrliklar salkam 49 ming yil astronomik kuzatuvlar olib borganini qat’iy ta’kidlaydi. Bu eramizgacha 365 yilda dunyoga kelgan Aleksandr Makedonskiygacha bo‘lgan davrni tashkil qiladi. Eramizning VI asrida yashagan yunon faylasufi Simplisiy esa yanada uzoqroq – 630 ming yil davomida misrliklar koinotni o‘rganganini yozadi.
***
Mojaroga sabab bo‘lgan marka
Hindistonni mustamlakaga aylantirgan davrida Angliya Fil tasvirlangan pochta markasi chiqargan. Ko‘p o‘tmay mahalliy aholi bundan norozi bo‘lib mustamlakachi hokimiyatga qarshi isyon ko‘targan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘zini mohir rassom deb bilgan ingliz zobiti suratni chizishda shunchalik no‘noqlik qilgan ekanki, Hindistonda muqaddas sanalgan Fil suratda cho‘chqaga o‘xshab ketar ekan.
O‘zlarini haqoratlangan deb bilgan mahalliy aholi shu bahonada mustamlakachilarga qarshi qo‘zg‘aladi. Bundan tahlikaga tushgan ingliz mustamlakachilari darhol muomaladagi markalarni yig‘ib olib, yo‘q qiladi. Agar o‘sha mojaroga sabab bo‘lgan tarixiy marka nusxasi saqlanib qolganida kolleksionerlar uni katta pulga sotib olgan bo‘lardi.
T.Shomurodov tayyorladi.