Monopol sohalar tartibga solinib, raqobat rivojlantirilyapti(mi?)

O‘tgan yili viloyat bo‘yicha iste’molchilar foydasiga 3 milliard 450 million so‘m qayta hisob-kitob qilingan. Shundan 3 milliard 263 million so‘mi elektr ta’minoti, 186 million so‘mi suv va oqova xizmatlari sohasiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialida aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish yuzasidan o‘rganish o‘tkazilib, ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq undirish holatlari aniqlangan. Natijada aholi tomonidan iste’mol qilinmagan suyultirilgan gaz uchun asossiz olingan 244 million 649 ming so‘mlik mablag‘ undirilgan.

Ushbu fakt va raqamlar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi.

Anjumanda hududiy boshqarma tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan hamda joriy yilda rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan paxtadan olingan chigit, paxta yog‘i, paxta shroti va paxta sheluxa mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 100 foizi faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi 4 ta paxtachilik klasterlari, ya’ni “Samarqand kamalak invest tekstil” MChJ, “Payariq yangiyer tekstil” MChJ, “Payariq klaster” MChJ, “Samarqand kotton klaster” MChJlar tomonidan mahsulotlar birja savdolariga tasdiqlangan grafiklarga asosan qo‘yilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilganlik holatlari aniqlangan va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Insofsiz raqobat holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha bo‘yicha 2 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar hududiy boshqarma tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ygan korxonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Hududiy boshqarma tomonidan tanlov (tender) va Davlat xaridlarida raqobatni ta’minlash ham tegishli nazoratga olingan. Viloyatda o‘tgan yil davomida jami 1846 ta tanlov savdolari o‘rganib chiqilgan. O‘rganish davomida 1734 ta tanlov savdolarida jami 1742 ta kamchilik aniqlangan. Shundan, 8 holatda ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik bo‘yicha, 1734 holatda savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzilishi aniqlangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida hokimliklar bilan birgalikda joylarda doimiy xatlov ishlari olib borilgan.

Reklamalarni joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha 2024 yil davomida 4531 ta , jumladan 72 ta televideniyeda, 61 ta radioda, 3952 ta tashqi reklama ob’yektlarida, 417 ta ijtimoiy tarmoqlarda monitoring o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan o‘rganish (monitoring)lar natijasida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun hamda qaror talablariga mos kelmaydigan 3270 ta holat  aniqlangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 3259 ta kamchilik joyida bartaraf etilgan hamda 11 holatda muddatida bartaraf etilmaganligi sababli hududiy boshqarma tomonidan vakolat doirasida ta’sir choralari ko‘rilib, reklama egalariga nisbatan 264,0 mln. so‘m moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.