Monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashildi

Samarqand shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashining 57-majlisi hamda monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha shtabning 43-yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Unda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston delegatsiyalari qatnashmoqda.
Dastlab MDHga a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha shtabning 43-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar MDH mamlakatlarining monopoliyaga qarshi qonunchiligining hozirgi holatini tahlil qildilar.

Yig‘ilishda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, jumladan, raqobat sohasidagi qoidabuzarliklardan jabrlanganlarning fuqarolik huquqini himoya qilish va narxlarni davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy jihatlar, marketpleys platformalarining shaffofligini oshirish va antimonopol komplayens tizimlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilulla To‘raxo‘jayev MDHga a’zo davlatlar monopoliyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.