Moskva meri shaharda komendantlik soati joriy etilishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi
Rossiya poytaxti Moskva shahri meri Sergey Sobyanin komendantlik soati joriy etish, shahar atrofida harakatlanishni, kirish va chiqishni taqiqlash koronavirus pandemiyasi davridagi eng so‘nggi choralar ekanini, bularni tatbiq etishning imkoni yo‘qligini va mumkin emasligini ta’kidladi. Bu haqda RIA Novosti nashri ma’lum qildi.
“So‘nggi choralar – komendantlik soati joriy etilishi shaharlarda harakatlanishni to‘liq taqiqlash, kirish va chiqishni to‘xtatish, deyarli barcha korxonalarni yopish. Bular biz uchun mutlaqo imkonsiz va mumkin emas”, deyilgan shahar rahbarining shaxsiy saytida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi optimal yo‘nalish bu shaharni yopish va cheklov choralaridan butunlay voz kechish o‘rtasidagi o‘rta yo‘lni topish.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Rossiyada bir-kecha kunduzlik koronavirus holatining keskin oshishi kuzatilmoqda. Xususan, mamlakat poytaxti Moskvada ham.