Moskvaliklarga mahorat darsi o‘tgan sartarosh

   Samarqand shahrida yashovchi Baxtiyor Yodgorov ishbilarmon yoshlardan biri. U 2011 yildan beri sartaroshlik bilan shug‘ullanib keladi. Baxtiyor o‘z kasbini oddiy deb bilmay, o‘qidi, izlandi. Natijada mamlakatimizning tajribali, yetakchi sartaroshlaridan biriga aylandi.

Bunday ta’riflashimizga sabab bor: 2017 yilda sartaroshlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika tanlovida g‘olib bo‘ldi va 2018 yilda Rossiyaning Moskva shahridagi sartaroshlarga mahorat darslarini o‘tdi.

   - Avvaliga yaqinlarim, do‘stlarim orasida sartaroshlik ham kasbmi, deganlar bo‘ldi, - deydi B.Yodgorov. – Ammo bu gap-so‘zlar meni maqsadim yo‘lidan qaytarolmadi. O‘z ustimda ishladim. Ustozlardan saboq oldim.  Bugungi kunda esa shogirdlarimga sartaroshlik sirlarini o‘rgatyapman. Hunarim orqasidan tadbirkorlikka ham qo‘l urdim. “Baza - №1” erkaklar sartaroshxonasini ochdim va 7 nafar yoshni ish bilan ta’minladim.

To‘lqin SIDDIQOV.