Moy “yog‘” emas, yog‘ "moy" emas
Bugun do‘konlarimizda “paxta yog‘i”, “kungaboqar yog‘i” yozuvi ostida moy mahsulotlari sotilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu moy bilan yog‘ mahsulotlari nomlanishini almashtirib qo‘llash holatlarini yuzaga keltirmoqda.
“Moy” va “yog‘” so‘zlarining mazmuniga ilmiy nuqtai nazardan qarasak, ular fanda “lipidlar” deb ataladi. Lipidlar hayvonlar va o‘simlik organizmida to‘planib, ularning suvda erimasligi, organik moddalar bilan yaxshi eruvchanligi, tarkibida yuqori molekulyar yog‘ kislotalarining bo‘lishi, organizmga faol ta’sir ko‘rsatishi belgilari bo‘yicha tavsiflanadi. Lipidlar murakkab birikmalar bo‘lib, shu guruhga kiruvchi yog‘lar inson ratsionida muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida “moy” va “yog‘” so‘zlariga aniq tavsif berilmagan bo‘lsa-da, ularni rus tilidagi “jir”, “maslo” so‘zlari bilan qiyoslaymiz. Bu so‘zlar tabiatan bir xil moddani bildirsa-da, ular manba jihatidan farq qiladi. Masalan, “jir” chorva mollarining yog‘ini, “maslo” esa urug‘lardan, sutdan ajratib olinadigan moyni anglatadi.
“Jir” asli turkiy so‘z bo‘lib, XI asrda yashagan Mahmud Koshg‘ariy lug‘atida ham qayd etilgan.
“Oziq-ovqat tovarshunosligi va ekspertizasi” fani sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar esa 200 daraja haroratda qattiq konsistensiyaga ega bo‘lganlarini shartli ravishda “yog‘”lar deb, shu haroratda suyuq konsistensiya hosil qilganlarni esa “moy” deb atashni tavsiya qiladi. Albatta, bu yerda ularning uy haroratida qattiq yoki suyuq holatida bo‘lishi ularning tarkibiga kiruvchi to‘yingan va to‘yinmagan yog‘ kislotalarining miqdoriy nisbati bilan izohlanadi. Shu sabab chorva mollari to‘qimalaridan olinadigan mahsulotni “yog‘” deb, urug‘lardan ajratib olinadigan mahsulotni “moy” deb atagan ma’qul.
Demak, qo‘y yog‘i, mol yog‘i, cho‘chqa yog‘i, paxta moyi, kungaboqar moyi, zig‘ir moyi singari ifodalash to‘g‘ri bo‘ladi.
Ro‘ziboy Normahmatov,SamISI professori.Akram G‘afurov,assistent.