Moybuloqdagi maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rilyaptimi?

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov olis hududlardagi umumta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari bilan tanishish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani maktablarini ko‘zdan kechirmoqda.
Tumanning olis hududidagi Qoqsoy mahallasida joylashgan 270 o‘rinli 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 485 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. G‘ofir Xudoyberdiyev direktorlik qilayotgan ushbu ta’lim muassasasida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Maktabda sport va faollar zaliga ehtiyoj bor.
Sebiston qishlog‘ida joylashgan 79-maktab binosi 2008 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Do‘styor Ro‘ziyev rahbarlik qilayotgan 240 o‘rinli ushbu ta’lim muassasasida 208 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Mahalliy byudjetdan ajratilgan 165 million so‘m mablag‘ hisobiga maktab binosining tom qismi yangilanmoqda.
Sinfxonalar ta’mirlanib, yangi o‘quv yiliga tayyorlanmoqda. Biroq ushbu ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilmoqda. Boshqarma boshlig‘i amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, tegishli topshiriqlarni berdi.
Shuningdek, tumandagi 80-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha 160 o‘rinli yangi bino qurilmoqda. S.Usmonov ushbu qurilish jarayoni bilan ham tanishdi. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi umumta’lim muassasalarini o‘rganish davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz. Shu kunga qadar viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nurobod, Bulung‘ur tumanlaridagi maktablarga borib, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan tanishgandi va kamchiliklar haqida tegishli mutaxassislarni ogohlantirgandi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.