Muallimga ehtirom – ma’rifatga, kelajakka ehtirom

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Hasan Normurodovga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilganini ana shunday tushundim. Chunki ustoz, garchi, turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan bo‘lsalar-da, ruhan, tabiatan fidoyi muallim. Mehnat faoliyatini ham Qattaqo‘rg‘on tumanida maktabda adabiyotdan dars berishdan boshlagan.
Bu unvon muhtaram Prezidentimizning ilm-fan, ta’limni rivojlantirish, o‘qituvchi obro‘sini oshirish borasida olib borayotgan oqilona siyosatining mahsulidir. Negaki o‘qituvchi salohiyatli bo‘lsa, jamiyat ma’rifatli bo‘ladi, ma’rifatli jamiyat esa davlatni qudratli qiladi.
Hasan Norbekovich viloyatdagi barcha muallimlar, umuman, ziyolilarning ustozi. Bu ma’rifatparvar inson bilan suhbatlashgan odam yana suhbatlashgisi keladi. Ustozning odamlar ko‘ngliga yo‘l topishi, hayotiy muloqoti, har qanday insonni salohiyatli, ulug‘vor qilib ko‘klarga ko‘tarib, adashgan odamni to‘g‘ri yo‘lga sola oladi. U kishi bilan suhbatlashgan odam o‘zida kuch va shijoatni his etadi.
Ustoz Vatanga bo‘lgan sadoqati, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida olib borayotgan samarali va serqirra mehnati, jamoat ishlaridagi yetakchiligi va shaxsiy ibrati bilan biz shogirdlarga hamisha ibrat namunasi bo‘lib kelmoqda.
U kishining hayoti, fikrlashi, muomala madaniyati va doimo ezgulikka oshnoligi USTOZ degan nomga munosib. Zero, bunday fidoyi hamkasbimizning davlatimiz Oliy mukofotiga sazovor bo‘lishi, biz pedagoglarni, tarbiyachilarni o‘z kasbimizni yanada ko‘proq qadrlashga undaydi.
Hasan aka kabi qahramonlar jamiyatda sog‘lom ijtimoiy fikr yaratib, odamlarni o‘z ortidan ergashtira oladi.
Ustozimiz Hasan Norbekovichni shogirdlar nomidan ushbu ulug‘ unvon bilan samimiy muborakbod etib, u kishiga tani sihatlik, adolatli jamiyatni barpo etish yo‘lidagi ulkan ishlarning muvaffaqiyatli rivojini tilayman.
Muhiba Bobobekova,
Xalq ta’limi a’lochisi.