Samarqandda Sabanto‘y o‘tkazildi

Samarqand shahridagi "Nurafshon" madaniyat saroyida tatar va boshqird xalqlarining milliy bayrami munosabati bilan Sabanto‘y tadbiri o‘tkazildi.
Unda viloyat va shahar hokimliklari, milliy madaniyat markazlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar bu bayram tatar xalqining dehqonchilik madaniyatini tarannum etishi bilan birga xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.
- O‘zbek, tatar, boshqirdlar tili, dini va madaniyatidan kelib chiqib, bir qardosh xalqlardir, - dedi Tatar-boshqird milliy-madaniy markazi raisi Axmed Subhonqulov. - Bugun yurtimizda tatar millatiga mansub aholi o‘zbeklar bilan birga ahil-inoq yashab kelmoqda. Xalqlar orasidagi do‘stlik davlatimizning asosiy boyligidir. Sabanto‘y bayrami esa qardoshlikni yanada yaqinlashtirishga asos bo‘lmoqda.
Ma’lumon o‘rnida: Sabanto‘y - "shudgor bayrami". Bu tatarlar va boshqirdlar o‘rtasida bahorgi dala ishlari tugashini bildiruvchi bayram, har yili o‘tkaziladigan xalq saylidir. Sabanto‘y butun dunyoda nishonlanadi.
Tadbirda tataristonlik va viloyatimiz san’atkorlari hamda milliy madaniyat markazlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi namoyish etildi.