Muammo mahalladan chiqmasligi kerak
Mahalla tizimining asosiy vazifasi o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ammo uning faoliyati takomillashtirilib, e’tibor yanada kuchaytirilmoqda.
Joriy yili pandemiya davrida yurtimiz bo‘ylab Prezidentimiz tomonidan og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan aholi qatlami, mahallalardagi kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar, doimiy ishsiz fuqarolar, karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar, og‘ir epidemiologik hududlardan qaytib kelgan, kambag‘allikdan chiqarishga muhtoj fuqarolar moddiy va ma’naviy tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Men faoliyat olib borayotgan mahallada pandemiya boshlangan davrdan buyon ushbu toifadagi aholi ro‘yxati shakllantirilib, 39 nafar xonadon “Temir daftar”ga kiritildi. Ular oziq-ovqatlar va boshqa to‘lovlar orqali qo‘llab-quvvatlandi. Karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolarning bandligi ta’minlanib borildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov joriy yilning 19 dekabr kuni qilgan murojaatini tinglab shunday xulosaga keldimki, mahalla xodimlari xalq ichida yurib, ularning dardiga hamdard bo‘lib, har bir fuqaroning muammosini bilishi kerak. Aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlarga olib chiqib, uni bartaraf etish choralarini hal etishi lozim. Shundagina fuqarolar o‘zlarining muammolari bilan yuqori tashkilotlarga murojaat qilmasdan, mahalla raislari va uning o‘rinbosarlariga ishongan holda dardlarini ushbu mahalla bilan baham ko‘radi.
Shuningdek, viloyat hokimi o‘z murojaatida “Mahalla xodimlari doimo o‘zlariga mahalla ahli men qilayotgan ishdan rozimi” degan savolni oldiga qo‘yishlarini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada aytish joizki, qiladigan ishlarimiz ko‘pligiga qaramasdan, xalqning dardini eshitib va ularni rozi qilish biz mahalla xodimlarining asosiy vazifamizdir.
Nodira HALIMOVA,
Samarqand shahar Ilmobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari.