Muhammadali Abduqunduzov: "Bobur" filmini suratga olish Samarqanddan boshlangan. O‘shanda Amir Temur maqbarasiga kirib, Sohibqiron qabri oldida Xudoga iltijo qilganman... "
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov 70 yoshga to‘ldi.
O‘zbek milliy teatr san’atining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Muhammadali Abduqunduzov 1952 yil 14 iyulda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Yaypan qishlog‘ida tavallud topdi. Toshkent davlat san’at institutini muvaffaqiyatli tugatgan ijodkor bir guruh fidoyi yoshlar bilan Surxondaryoga, Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatriga yo‘llanma oladi.
Aktyor ushbu teatr sahnasida o‘n ikki yil ijod qildi, izlandi, rollar o‘ynadi va spektakllar sahnalashtirdi. Ferdinand («Makr va muhabbat»), Davronbek («Vatan ishqi»), Paratov («Sepsiz qiz»), Shokir («Ko‘rmayin bosdim tikonni»), Alibek («Sarviqomat dilbarim», Chingiz Aytmatov), Andrey («Barcha bilan yakkama-yakka»), Musa Jalil ("Noma’lum kun") obrazlari aktyorning o‘zbek teatri rivojiga qo‘shgan katta hissasi sifatida e’tirof etildi.
«Ufq» dramasidagi Ikromjon obrazini aktyor yuksak mahorat va iste’dod bilan talqin etdi. Ikromjon roli 1975 yili O‘zbekistonda «Yilning eng yaxshi erkak roli» nominatsiyasi bo‘yicha Bosh mukofotga sazovor bo‘ldi.
Muhammadali Abduqunduzov 1986 yilda O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga taklif etildi. U teatrda yaratgan dastlabki obraz dramaturg Vladlen Dozorsevning «So‘nggi qabul» asaridagi Yermakov bo‘ldi. Keyinchalik, O‘zbek («Baxtli gadolar», Gotssi), Amir Umarxon («Tahlikali damlar», Salohiddin Sirojiddinov), Husayn Boyqaro ("Alisher Navoiy», Uyg‘un va Izzat Sulton), Sultonali («Mehrobdan chayon», Abdulla Qodiriy), Po‘lat («Yorqinoy», Cho‘lpon), Sarkarda («Koriolan», Shekspir), Jumanov («Qatag‘on», O‘.Hoshimov) obrazlarini ijro etdi hamda muvaffaqiyatga erishdi.
Ayniqsa, Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romani asosida yaratilgan «Bobur» ko‘p qismli videofilmdagi Muhammadali Abduqunduzov ijrosidagi Bobur Mirzo aktyorga katta shuhrat keltirdi. «Bobur» va «Kecha va kunduz» videofilmlari Pokiston va Turkiya televideniyelari orqali ham namoyish etildi.
- «Bobur» filmini suratga olish ishlari o‘n to‘rt oy davom etgan, - deydi M.Abduqunduzov. - Sahnalar qadimiy shaharlarimizda, bundan tashqari, Qirg‘izistonning O‘shida, Tojikiston, Qozog‘iston, Hindiston davlatlarida olindi.
«Bobur» filmi suratga olinganiga 32 yil to‘lgan bo‘lsa, haligacha u zot ruhi bilan yashayman. Agar sen buyuk shaxsning siymosini gavdalantirgan bo‘lsang, o‘sha insonga loyiq bo‘lishing kerak. Bu degani mas’uliyatli bo‘lishga chorlaydi. Chunki qayerga bormay shu film haqida so‘z ketadi yoki Boburning monologidan o‘qishimni aytishadi. Ba’zan davralarda «Siz salbiy rol o‘ynamang. Sizni Bobur obrazida saqlab qolishni istaymiz», deyishadi.
Samarqandga kelib, suratga olinadigan birinchi kun hammamiz Amir Temur maqbarasiga kirib fotiha o‘qidik. Keyin men o‘zim yolg‘iz qolib, Qur’on tilovat qildim. Sohibqiron qabri oldida Xudoga iltijo qildim. «Mana bu yerda abadiy qaror topgan ulug‘ bir bandang — Amir Temurning avlodlaridan birining hayotini elga ko‘rsatib berishga kirishganman. O‘zing qo‘lla va mendan marhamatingni ayama», deya O‘zidan so‘radim.
Ish boshlanib ketdi. Ko‘pincha filmga olish ishlarida, albatta, nimadir bahona bilan suratga olish jarayonlari to‘xtab qolishi mumkin. Lekin Samarqandda yuzdan ortiq epizodlar, shuningdek, o‘n to‘rt oy davomida suratga olish ishlari davom etgan bo‘lsa-da, biron marta tasvirga olish to‘xtab qolmadi, aksincha, ish jarayonlari o‘z-o‘zidan yurishib ketardi. Hatto otlar bilan bog‘liq jang sahnasini tasvirga olish ishlarida mening va Mahmud Ismoilovning otlari to‘qnashib ketdi va bizni Alloh o‘z panohida asradi. Barcha suratga olish jarayonlari omadli kechdi.