Muhim: Homiladorlar nega faqat o‘zimizning mahsulotlarni yeyishi kerak?
Olimlar homiladorlikda uchraydigan bu o‘zgarishlarga ko‘proq ekologik omillarni sabab qilib ko‘rsatishadi. Bu omillarga yurtimizga chetdan kirib kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish ham kiradi degan fikrdamiz.
To‘g‘ri, aholi soni, migratsiyasi va oziq-ovqatlarga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishi mahsulotlarning import qilinishi hajmi oshishiga olib keladi. Ammo mavjud muhitda yetishtirilgan mahsulotlarga moslashgan odamning fiziologik xususiyati, immun tizimi chetdan keltirilgan oziq-ovqatlarga tezda moslasha olmaydi. Ayniqsa, homilador onaning organizmi turli o‘zgarishlarga uchraydi. Biroq embrion va homilaning o‘zgara olmaganligi oqibatida turli kasalliklar paydo bo‘ladi. Mahsulotlarning homilador ayol organizmiga va uning homilasiga ta’siri yetarlicha o‘rganilmayapti. Aksariyat davlatlardagi sarmoyadorlar kasalliklarning asl sababini izlash o‘rniga yangidan-yangi dori-darmonlarni yaratish va uni ishlab chiqarishga katta mablag‘ sarflashmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot institutining olimlari MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib ana shu muammo yechimi ustida bosh qotirmoqda. Ya’ni, ular "Homilador ayollarda virusli gepatitlarni tashxislash va davolash standartlari" ustida ish olib bormoqda. Mazkur innovatsion g‘oyada mahalliy iqlim sharoitida yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish ona va bola sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir qilishi isbotlab berildi.
Homilador ayollarga ko‘proq meva-sabzavotlar va kimyoviy aralashmalar qo‘shilmagan oziq-ovqatlardan iste’mol qilishning tavsiya etilishi mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan harakatlarga mos keladi.
Absamat OSLANOV,
Samarqand davlat tibbiyot instituti assistenti,
Anvar SUVANOV,
Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi bo‘limi mudiri.