Mulk talashgan qarindoshlar: Yo‘qlikdanmi, to‘qlikdanmi yoki ilmsizlikdan?

- Amakim bilan qo‘shni yashaymiz, - deydi payariqlik murojaatchi. – Otam dunyodan o‘tgandan keyin uy-joyimiz menga meros qoldi. Bizga yer ajratish uchun hokim qarori, kadastr yig‘ma jildi va hattoki, davlat xizmatlaridan ro‘yxatdan ham o‘tgandik. Yaqinda amakim hovlisini devor bilan o‘rash paytida bizning hovlimizga tegishli yerdan ham ancha qismini egallab oldi…

Amakimga bir necha bor tushuntirdim, uy-joyning kadastr hujjatlari borligini, bu qonunga to‘g‘ri kelmasligini aytdim. Ammo amakim «O‘zaro kelishuv bo‘lsa bo‘ldi, kadastr nimaga kerak, senga buncha yer nega kerak? Mening yangi qurgan uyimning «plani» to‘g‘ri chiqishi uchun yer kamlik qilyapti», dedi. Otam o‘tib ketgan bo‘lsa, meni suyanchig‘im yo‘q. Amakim qarindosh bo‘lsa, u kishi bilan yer talashishim el oldida uyat emasmi?

Shu tumandan kelgan yana bir murojaatda uyning kadastr hujjati, hokim qarori va mulk davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, bu uy-joy boshqa fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilgani bildirildi.

-  Men boshqa tumanda ishlayman va oyda ikki marotaba uyga kelaman, ayolim ham davlat ishida ishlaydi, farzandlarim maktabda o‘qiydi, - deydi yana bir murojaatchi. – Bir paytlar qishloqlarda o‘lchab berilgan uchastkaga daladan yana qo‘shib olish avj olgandi. Bizga o‘lchangan yerdan keyin fermerning maydoni boshlanadi, ularning har qarich yeri hisobli. Xullas, bizdan oldingi qatordagilar yo‘lning hisobidan bir necha metr yerni o‘zlarining uchastkasiga qo‘shib oldi. Yo‘l esa kichraydi. Odam bor joyda to‘y-ma’raka bor, dedimda bir necha yil oldin o‘z hisobimdan ikki metrga yaqin yerni yo‘lga qo‘shdim. O‘tgan yili shu ko‘chada yashovchilar biz uyda yo‘qligimizda o‘zboshimchalik bilan tomorqamdagi daraxtlarni kesib, yana ancha yerni yo‘lga qo‘shibdi. Ishdan kelib, yerni joyiga to‘g‘rilab qo‘ysam ular yana shu yerni yo‘lga qo‘shishibdi. Xullas, ular bilan ancha vaqt nizolashib yurdik. Mahalla raisi ham, mahalla noziri ham keldi, lekin ular yo‘lni haqiqatda o‘zlashtirganlarni yoqlashdi, birortasi uy hujjatini so‘rashmadi ham. Men endi yo‘lga qo‘shilgan yer uchun ham soliq to‘layapman. Ishongan vakillar xalqni aldasa, oddiy odamlar kimga ishonadi? 

Bu murojaatlar Payariq tumanidagi fuqarolar tomonidan bildirilgan arzlarning bir qismi, xolos. Tumanda kadastr sohasida muammolar mavjud, ehtimol boshqa tumanlarda ham shu kabi kamchiliklar bordir. Lekin bir narsa ajablanarli. Yaqin o‘n yillikda bir necha bor uy-joylar xatlovdan o‘tkazildi, noqonuniy qurilmalar bartaraf etildi, yangidan ro‘yxatdan o‘tgan uy-joylar soliq bazasiga kiritildi. Hisobotlarda mahallalar to‘liq xatlovdan o‘tkazilganligi bildirildi. Biroq barchasi raqamlarda aytilganidek bo‘lmagan ko‘rinadi.

Aslida Bosh qomusimizning 54-moddasida mulkdorning mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf qilish huquqi mustahkamlangan. Biroq, ko‘pchilik bu boradagi qonunchilikni bilmasligi, andisha qilishi yoki mahalla faollarining soha mutaxassislariga tayanmasdan o‘zlaricha yo‘l tutishlari mulkdorlar manfaatiga zarar keltirmoqda.

Kasb yuzasidan yer-mulk bilan bog‘liq sud ishlarida ham qatnashishga to‘g‘ri keladi. Bir yil oldin ko‘p yillardan buyon davom etayotgan aka-ukaning meros mulkini, otasidan qolgan yer-joyni talashayotgan ishda qatnashdim. Bir ota-onaning farzandlari meros tufayli dushmandan badtar yovlashgan.

Mutaxassislarning fikricha, sud amaliyoti tahlilida meros nizolari asosan amaldagi qonun talablarini bilmaslik tufayli kelib chiqadi. Oqibatda vorislar bir-birlarining qonuniy huquqlarini tan olishni istamaydilar.  Lekin, meros nizosi bir taraf ikkinchi tomonning qonuniy huquqlarini tan olishi bilan bog‘liq. Sudning qonuniy  hal qiluv qarori chiqarilganidan keyin ham nizo barham topmagan holatlar bor. Afsuski, faqat sudning adolatli qarori bilangina qon-qarindoshlar munosabati yaxshi bo‘lib qolmaydi.

Meros masalasi deyarli hamma xalqda, qavmlarda bor masala. Islom dinida merosning shartlari tushunchasi aniq bayon etilgan. Unga ko‘ra,  «shart» – shunday bir narsaki, agar u mavjud bo‘lmasa, unga bog‘liq voqelik kelmaydi va u mavjud bo‘lsa, o‘sha voqelik mavjud bo‘lishi ham, mavjud bo‘lmasligi ham mumkin.

Merosda uchta shart bor. Ular meros qoldiruvchining o‘limi, meros qoldiruvchining vafotidan so‘ng merosxo‘rning hayot bo‘lishi va meros oluvchining meros qoldiruvchiga nisbatan kim ekanligi aniq bo‘lishi va nasabi tayin bo‘lishi. Meros deganda vafot etgan shaxs o‘zidan keyin qoldirgan moddiy boyliklar ko‘zda tutiladi.

Islomdagi meros shartlari qonunchiligimizda ham aks ettirilgan. Biroq, achinarli jihati shundaki, zamonaviy hayotda meros mulkini talashayotganlarning aksariyatini katta yoshlilarni tashkil etadi. Bunday bir-biriga yaqin qarindosh bo‘lgan yoshi ulug‘ insonlarning nizolashib yurishi oqibatida, hatto ularning farzandlari o‘rtasidagi munosabatlarga ham putur yetmoqda.

Xullas, meros bilan bog‘liq nizolar nafaqat huquqiy, balki ma’naviy muammo hamdir. Shu masalada gap ketganda «Chet elda hammasi zo‘r-da, santimetrgacha aniq, birov boshqaning mulkiga rahna sololmaydi», deyishadi. To‘g‘ri, lekin ularda ham bir paytlar shunday muammolar bo‘lgan. Keyinchalik barchasiga qonuniy tarzda yechim topilgan. Biz esa meros, mulk talashib yosh avlodga buni «meros» qilib qoldiryapmiz. Shu kabi holatlar ko‘paymasligi va qarindoshlar o‘rtasida nizolar kuchayishining oldini olish uchun ham qonunchilikni kuchaytirish, har kimning tasarrufidagi yer-mulkni aniqlashtirish, noqonuniy o‘zlashtirilgan yerlar bo‘yicha qonuniy yechim topish zarur.

O‘ktam Xudoyberdiyev.