Mullako‘rpada anjir ekilmagan tomorqa qolmadi
Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi uchun bank muassasalari tomonidan 100 ming tup anjir va xurmo ko‘chatlari tarqatildi. Jumladan, tumanning Mullako‘rpa mahallasidagi aholi tomorqalariga 2500 tup anjir ko‘chati o‘tqazildi.
Mahallada shu paytga qadar aksariyat xonadonlarda anjir yetishtirilardi. Yaqinda ushbu xonadonlarning har biriga 5-10 tadan, shu paytgacha anjir yetishtirmagan tomorqa egalariga 50 tupdan ko‘chat tarqatildi.
- Anjir yetishtiradigan qo‘shnilarimga havas qilardim, - deydi shu mahallada yashovchi Oybek Aminov. – Shu yil men ham tomorqamga anjir ko‘chatini o‘tqazishni niyat qilib turgandim. “Agrobank” ko‘magida mahallamizga keltirilgan ko‘chatlardan 50 tup oldim. Bu ko‘chatlar yaqin 3-4 yilda yaxshigina daromad keltirishiga ishonaman. Asosiysi, qo‘shnilarim kabi biz ham oilamiz bilan anjir pavarishlaydigan bo‘ldik. Farzandlarim ham xursand.
Azamat ota Bo‘ronov anjir yetishtirib, har yili mo‘l hosil olib, ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad keltirayotgan tajribali dehqonlardan biri. U shu paytga qadar tomorqasidagi 10 sotix maydonda 20 tup anjir daraxtini parvarishlab kelardi.
- Esimni taniganimdan beri anjir yetishtirish bilan shug‘ullanaman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, - deydi otaxon. – Daromadi ham yaxshi. Har bir tupidan o‘rtacha 100 kilogramm hosil olish mumkin. Uning kilosini 15-20 ming so‘mdan sotamiz. Yaqinda mahallamizga Turkiyadan keltirilgan anjir va xurmo ko‘chatlarining har biridan 5 tupdan olib, tomorqaga o‘tqazdim. Aytishlaricha, ular anchagina serhosil ekan. Buni vaqt ko‘rsatadi, albatta. Shu yil ekkan ko‘chatlarimiz 3 yildan keyin hosilga kiradi.
Bank xodimlari tashabusi bilan tarqatilgan ko‘chatlar tomorqalarga o‘tqazilgach, Mullako‘rpada anjir ekilmagan xonadon qolmadi. Bu bilan hududda “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaydi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV,
E’zoza MEYLIYeVA.