Munosabat: Jamiyat taraqqiyotining yangi strategiyasi
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalkimizga Murojaatnomasida yurtimizni yaqin kelajakda har tomonlama yuksak darajada rivojlantirishning eng muhim olti yo‘nalishini belgilab berdi.
Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar kabi dolzrarb masalalar qatorida yana bir ustuvor yo‘nalish - ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz bu boradagi muammolarni hal etish uchun yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochilishini e’lon kildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 2 mingga yaqin ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxonalarda qozonxonalardan voz kechilishi ta’kidladi. Ular poytaxt atrofidan ko‘chirilib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Shu maqsadda 200 gektardan kam bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga o‘tmoqchi bo‘lgan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.
Avtomobillarga ekologik stikerlar berish tizimi joriy qilinadi. Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi.
Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.
Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.
Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Buning uchun alohida jamg‘arma tashkil qilinadi.
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.
Elektromobillardan foydalanishni kengaytirish yanada rag‘batlantiriladi.
Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi.
Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan ikki karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.
Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.
Chang-to‘zonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.
Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinadi.
Korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologiya menejeriga talab paydo bo‘ladi. Shuning uchun 2026 yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengaytiriladi. Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi.
Shaharlarda tabiiy ventilyasiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Umuman, ekologiya sohasiga 2026 yilda 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
“Dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, islohotlarimizning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik”, – dedi Prezidentimiz. - Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026-yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalar boshlanadi.
Poytaxtimiz, viloyat markazlari va shaharlarda “yashil” hududlarni ko‘paytirish uchun sug‘orish, drenaj tizimlarini qayta tiklash zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun 160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.
Umuman, Murojaatnomada davlatimiz rahbarining 2026 yil va kelgusi yillarda ekologiya musaffoligini ta’minlash, mavjud muammolar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xavflarning yechimi yuzasidan ilgari surgan tashabbuslari partiyamiz dastur va maqsadlariga uyg‘un tarzda faoliyatimizning asosini tashkil etadi.
Xo‘jaqul Muhammadiyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi.