Munosib sharoitda yashash insonning kayfiyati, amaliga ta’sir qiladi
![](https://static.zarnews.uz/crop/7/1/720__80_71953abc07efac64a7a823235b0f2bd0.jpg?img=self&v=1739418050)
Obod joyda baraka bo‘ladi, deydi yoshi ulug‘lar. Darhaqiqat, toza-ozoda, munosib sharoitda yashash insonning kayfiyati, yurish-turishi va amaliga ham ta’sir qiladi, ularni harakatga keltiradi. Buni bir vaqtlar sharoiti og‘ir bo‘lgan, keyin tegishli dasturlar asosida obod qilingan mahallalar misolida ko‘rganmiz. Masalan, ko‘chasi asfalt bo‘lgan xonadonlar egasi mashina olmoqchiligini bildirgan. Maqsad harakatga, harakat esa baraka oshishiga xizmat qiladi.
Joriy yil ham viloyatimizning bir qator mahallalari “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturiga kiritilib, har birining nazorati sektor rahbarlariga yuklatildi. Rejalar katta, ba’zilarida hududni obodonlashtirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Biz Payariq tumanining Xalqobod mahallasida bo‘lib, jarayon bilan tanishdik.
3407 nafar aholi istiqomat qiladigan bu mahallani tuman yoki viloyatning eng sharoiti og‘ir hududi deb bo‘lmaydi. Birinchidan, u tuman markazidan uzoqda emas. Shunga qaramay aholi daromadining asosiy qismi dehqonchilik va chorvachilikdan. Har kim mehnatiga yarasha rizq topib, sharotini qilyapti. Lekin tanganing ikkinchi tarafi ham bor. Ya’ni, magistral yo‘l yoqasida joylashgan ayni mahallaning salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti. Agar yetarli infratuzilma yaratilsa, u tumanning rivojlangan mahallalari qatoriga qo‘shilishi mumkin.
Biz mahallaga borganimizda undagi eski simyog‘ochlar o‘rniga temir-beton ustunlar o‘rnatilib, yangi elektr tarmoqlari tortilishi boshlangan ekan. Mahalla raisi Bahrom Norjigitovga ko‘ra, bungacha hudud mas’ullar tomonidan batafsil o‘rganilib, mahalla faollari va fuqarolarning takliflari qabul qilingan.
— Mahallamizdagi transformatorlar, simyog‘ochlar ma’nan eskirgan, keyingi o‘n yilda uy qurib ko‘chib o‘tganlar ko‘chasiga o‘zlari, yog‘ochli ustunlar o‘rnatib, sim tortishga majbur bo‘lgan edi, - deydi Bahrom Norjigitov. – Elektr ta’minoti ham shunga yarasha, sifatsiz edi. Dasturga kiritilishimiz bilan birinchi navbatda shu muammomiz hal bo‘ladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, mahalladagi 29 ta ichki ko‘chani asfaltlash, 1800 metr piyodalar yo‘lagini qurish takliflarini berganmiz. Hozir mahallamiz ko‘chalarining bor yo‘g‘i 30 foizi asfaltlangan, tosh yotqizilganlarida ham qish kunlarida harakatlanish qiyin. Odamlar ulardan yurmay, manzillariga aylanma yo‘llar orqali boradi. Albatta, mahalladoshlarimiz ham qarab o‘tirgani yo‘q. Misol uchun, o‘tgan yili hashar yo‘li bilan qurilishi boshlangan mahalla binosi hamda nuroniylar maskani bitay deb qoldi. Agar ko‘chalarimizni obodonlashtirish boshlansa, xayrli ishga barcha o‘z hissasini qo‘shadi.
Mahalladagi 38-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti devor bilan o‘ralmagan. Omborxona va ko‘mirxonasi yo‘q. Ishchilar ko‘mirni qor ostidan kavlab olishga majbur bo‘lmoqda. Bog‘cha mudirasi Zebo Abdurahmonovaning bildirishicha butun binoni isitish uchun bitta qozonxonaning kuchi yetmayotgan ekan. Binoning fasad qismi ham ta’mirga muhtoj.
— Bog‘chamizning ichini o‘z imkoniyatimizdan kelib chiqib ta’mirlayapmiz, - deydi Zebo Abdurahmonova. – Buning uchun hovlimizning bo‘sh joyida to‘qsonbosti ekin ekish orqali qo‘shimcha mablag‘ hosil qilyapmiz. Lekin imkoniyatimiz yetmagan ishlar ham bor.
Bugun bu mahallada 59 ta kambag‘al oila bor ekan. Shundan 10 tasi mas’ul rahbarlarga, 15 tasi nuroniylarga biritiktirilgan. “Mahalla yettiligi” har bir oilaning imkoniyatlaridan kelib chiqib, daromadli ishga yo‘naltirish choralarini ko‘ryapti. Agar hudud obod qilinsa, ko‘chalar ta’mirlansa, magistral yo‘l yoqasida yangi oshxonayu do‘konlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ochilib, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish mumkin bo‘ladi. Eng asosiysi, odamlarda ham hayot tarzini yaxshilashga qiziqish ortadi.
Mahallada hozirgi sharoitda ham berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, og‘ir vaziyatdan chiqib ketgan oilalar talaygina. Jumladan, Akmal Berdiyev ilgari pul topish uchun xorijda ishlab kelgan. U ikki yil oldin mahalla tavsiyasi bilan imtiyozli kredit olib, issiqxona tashkil etdi. Hozir uning issiqxonalari yeri 10 sotixdan oshgan. Asosan bodring va pomidor yetishtirib sotayotgan Akmal aka yil yakunigacha kreditini qoplab, sof foydaga chiqishini ma’lum qildi. E’tiborlisi, uning natijalari boshqalarda ham issiqxonachilikka qiziqish orttirgan.
Xullas, bu yil Xalqobodda katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Asqar BAROTOV.