“Muomalasi yo‘q tuhmatkash GAI” videolavha yuzasidan tekshirish olib borilmoqda
Joriy yilning 2 mart kuni ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Muomalasi yo‘q tuhmatkash GAI” sarlavhasi ostidagi video lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi.
Joriy yilning 29 fevral kuni soat 17:45 larda M39 avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati, Samarqand shahridan o‘tuvchi 1081 kilometrida belgilangan taqsimot asosida xizmatga biriktirilgan Samarqand viloyati IIB YHXB YPX inspektori M.Qo‘rg‘onov xizmati davomida “Yo‘l harakati qoidalari”ning 9 hamda 98-bandlarini buzib harakatlanib kelgan “Neksiya” rusumli transport vositasi haydovchisini o‘rnatilgan tartibda to‘xtatgan.
YPX inspektori haydovchiga o‘zini tanishtirib, tegishli me’yoriy hujjatlarini taqdim qilishini so‘ragan. Haydovchi inspektordan dislokatsiya ko‘chirmasi, ko‘krak nishon belgisining raqami va xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini so‘ragan. YPX inspektori haydovchiga ko‘krak nishon belgisi raqami va xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan. Haydovchi qanday qoidabuzarlik qilganligini so‘ragan vaqtida inspektor “Yo‘l harakati qoidalari”ning 9 va 98-bandlarida keltirilib o‘tilgan talablarni buzganligini tushuntirgan.
Mazkur holat haydovchi tomonidan video tasvirga olingan bo‘lib, internet ijtimoiy tarmoqlariga tarqatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda ushbu video lavhada tasvirlangan holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.