“Muruvvat” uyidagilar ko‘chada qoladimi? Holatga guvoh bo‘lgan kishi shunday xulosaga kelishi tabiiy
Zimmamizga yuklatilgan vazifa va oldimizda turgan maqsadlardan kelib chiqib, inson huquqlari buzilish ehtimoli mavjud korxona-tashkilotlarda reja asosida monitoring tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.
Shunday tadbirlarning biri Urgut tumanidagi erkaklar “Muruvvat” uyida o‘tkazildi. Muassasadagi sharoitlarni o‘rganish asnosida bu yerda yashayotgan fuqarolar bilan samimiy muloqot tashkil qilindi.
Suhbat davomida avvalo bu yerdagi kishilarga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va uning viloyatdagi mintaqaviy vakilining funksional vazifalari va vakolatlari tushuntirildi. “Muruvvat” uyidagilar bu yerdagi yashash sharoiti, shuningdek, ovqatlanish, dori-darmonlar bilan ta’minlanganlik va ularga xodimlar tomonidan bo‘layotgan munosabatlardan mamnunliklarini bildirishdi.
Biroq olib borilgan monitoring o‘rganishlar davomida muassasada yashovchi ayrim kishilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi. Xuddi shunday holat ayollar “Muruvvat” uyida ham kuzatildi.
“Muruvvat” uyi mutasaddilarining murojaatiga asosan masalaning mohiyatini o‘rgandik. Mutasaddilarning qayd etishicha, bir qarashda arzimagan ko‘ringan hujjat vaqt o‘tib jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Hatto to‘liq davlat qaramog‘ida bo‘lgan bu kishilarga muruvvat ko‘rsatishning iloji qolmaydi. Muammoning yechimini sud orqali hal qilish mumkin. Biroq bu borada “Muruvvat” uyi qilgan murojaat tegishli xarajat talab qiladi. Tabiiyki, muassasada bunday holatlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘ yo‘q.
Shu bois, vaziyatdan kelib chiqib, “Muruvvat” uylaridagi 9 kishining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomalarini olishni hal qilib berish uchun sudga da’vo arizasi kiritdik.
O‘z navbatida tegishli davlat idoralari bilan yozishmalar orqali 9 nafar ruhiy xasta bemorning zarur hujjatlarini to‘plab, sudga taqdim qildik.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi raisi Temur Rustamov ishni sayyor sud majlisida - “Muruvvat” uylarida ko‘rib chiqdi. Yakunda 9 nafar bemorning manfaatini ko‘zlab tug‘ilganlik faktini belgilash haqidagi da’vo arizalar qanoatlantirildi.
Endi sudning qarorlari asosida qayd qilingan kishilarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat - fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilib beriladi.
Diyor Husanov,
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) viloyat mintaqaviy vakili.