Musa Yerniyozov samarqandliklar uchun ham qadrli inson edi

Bugun Nukusda taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Musa Yerniyazov 73 yoshida vafot etdi. 

Albatta, bu shum xabar qoraqalpog‘istonlik har bir yosh-u qari kabi samarqandliklarni ham qalbini xufton qildi. Chunki rahbarlik va boshqaruv, shuningdek qurilish va kommunikatsiya masalalari sohasida Musa Tajetdinovich katta tajribaga ega inson edi. Bu borada Samarqandga qachon kelsa, o‘z maslahatlari, ko‘p yillik faoliyatida orttirgan tajribalaridan kelib chiqib, dadil takliflar berar edi. Yutuqlarimizni baham ko‘rardi.

Musa Tajetdinovich Qoraqalpog‘istonning chin farzandi, haqiqiy qahramoni edi. Bu yurtning har qarichini besh qo‘lday bilar, qayerda qanday muammo bor, odamlar qanday sharoitda yashayapti, nima qilinsa muammolar barham topadi, buning uchun qanday yechim kerak, barchasini bilardi. Shu bois hukumat oldiga masalalarni dadil qo‘ya olardi.

Ayniqsa, Orol fojiasi, u qoldirgan asoratlarning oldini olish, bu yerda bugungi kun, orolbo‘yida yashovchi aholi talablaridan kelib chiqib qanday loyihalar amalga oshirish zarurligi haqida aniq, istiqbolli loyihalar ishlab chiqqandi.

Shunday ezgu ishlari tufayli Musa Yerniyazov qoraqalpoq xalqining mehri, hurmatini qozongandi. Albatta, Musa Tajetdinovichda bu hurmat, salohiyatga erishish uchun poydevor bor edi. Ya’ni, M. Yerniyazov 1971 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986 yili Toshkent oliy partiya maktablarida tahsil olgan.

1983–1989 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 1989–1990 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining doimiy vakili sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2000–2001 yillarda Chimboy tumani hokimi, 2001–2002 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

2002 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari edi.

2019 yil «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.

Qoraqalpoq elining otasi, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazovning porloq xotirasi qalbimizda mangu qolajak.

 Samarqand viloyat hokimligi