Narpaylik Voronej harbiy akademiyasi kursanti: Musofirchilik ota-onaga, Vatanga mehr uyg‘otdi

Yaqinda Samarqandga bordim. O‘tgan yili ochilgan jadid bobomiz Behbudiy uy-muzeyiga va ulug‘ adib, akademik Sadriddin Ayniy uy-muzeyini ko‘rib, Registonni kezar ekanman, samarqandlik vatanparvar Ilhomjon Narzullayevga duch keldim. U menga “Bedor tuyg‘ular” nomli yangi kitobini sovg‘a qildi.

U menga ilgaridan tanish ekan. Muqaddam Respublika “So‘nmas orzular” tashkilotimiz va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limlari, bir necha xorijiy uyushmalar va tashkilotlar bilan hamkorlikda taniqli adib va shoir, jurnalist O‘lmas Jamol xotirasiga xalqaro tanlov o‘tkazgan edik. Tanlovga dunyoning barcha joylaridan qatnashgan ijodkorlarga diplom, faxriy yorliq va tashakkurnomalar berganmiz.

Shunda Ilhomjon Narzullayevga faxrli ikkinchi o‘rinni berganimiz, yodimga tushdi. To‘g‘ri, o‘shanda u xorijdan turib sanoqli she’rlarini yo‘llagan va uning talaba ekanligini bilganmiz, xolos.

Uning she’rlari qalbidagi go‘zal mayuslik, Vatan sog‘inchi, ota-onaga mehri yuksakligi, sevgisi va dil izhorlari yo‘llangan, yurakni mayin qitiqlovchi, yuzga jilmayish epkinlarini keltiruvchi ijod namunalari edi.

Hakamlar hay’ati uning she’rlarin o‘qib, yuragimiz bir qalqib, tamshanib, tuyg‘u va tug‘yonlar davomini sog‘inib qolgan edik. Uning shaxsi, adabiyot va ijodga mehri bizning fikrlarimizni noma’lum tomonlarga eltgan, ijodidagi dadil misralar ko‘nglimizni umid sari boshlagan edi.

Ilhomjon 1997 yil 7 martda Narpay tumanining Ko‘k ota qishlog‘ida tug‘ilgan. Avval o‘rta maktabda, keyin Samarqand harbiy akademik litseyi (hozirgi Temurbeklar maktabi)da tahsil olgan. Hozir N.Ye.Jukovskiy va Yu.A.Gagarin nomidagi Voronej Harbiy havo akademiyasining bitiruvchi kursanti.

Uning “Qalbim gavhari” nomli she’rlar to‘plami 2016 yilda, “Ona allasi” nomli kitobi 2017 yilda chop etilgan bo‘lib, navbatdagi kitobi - “Bedor tuyg‘ular” 2020 yil Samarqanddagi “Zarafshon” nashriyotida bosilibdi. Unga uyushma a’zosi, shoir Abduhamid Pardayev va shoira Marhabo Shodmonova taqriz bergan. Kitobning so‘zboshisida muallif: “O‘zim uchun eng qadrli insonlarim, ruhiy madadkorlarim - ota-onamga bag‘ishlayman”, deya boshlaydi.

Musofirchilikda yurib, Vatanni, ota-onani, tug‘ilgan qishlog‘ingning o‘t-o‘lanlarini, har bir kesak-toshigacha sog‘inish xorijda bo‘lib ko‘rganlar uchun yaxshi tanish.

Bu - yurakka yaqin, mudramaydigan, uxlamaydigan, vijdoningni uyg‘otib, ruhingni bezovta qilaveradigan, joningni har nafas halqumingga keltirib, oromsiz ijodga undaydigan, Hazrat Navoiy aytmoqchi: “Bag‘ir qonidan” ishq va Vatan mehri haqida she’rlarni tinimsiz yozdiradigan tuyg‘ular.

Kitobni varaqlab “Arosat, Dadamga”, “Onamga maktub”, “Shoirlarga”, “She’rlarimga”, “Sevgi”, “Sevgini tinch qo‘ying”, “Musofir”, “Olam va odam”, “Majlis”, “Inson ko‘ngli”, “Xayollar” kabi bir qator she’rlarini o‘qir ekanman, mahobatli Registon va yanvar oyining sovuq kuni yo‘lak bo‘yidagi o‘rindiqda o‘tirib, yuragimga yaqin bir insonni topgandek bo‘ldim. Ko‘ngil haroratimiz olamni isitgandek sezildi...

Bu ko‘hna va azaliy dunyoda shoirlarni shoir qilgan azaliy dardlar, insoniyatga meros bo‘lgan tushuncha va tuyg‘ular bu yigitning ham qalbiga mehmon bo‘lib, ozurda jonin tebrantirib, go‘zal tuyg‘ularga yo‘g‘rilib, she’r shaklida bir kitobni vujudga keltiribdi. Xayrli bo‘lsin va kitobdan-kitobga o‘sib, yigit o‘sha qalb go‘zalligin saqlagan holda, xayot tashvishlariga taslim bo‘lmay, turmush takrorlariga g‘arq bo‘lmay, kelajakda go‘zal shoir, yetuk jurnalist bo‘lishini juda-juda istadim. Va, qanday qilib Varonej harbiy Akademiyasiga o‘qishga borganligini so‘radim.

- Avvalo, oilamga og‘irim tushmasin deb, kelajakni o‘ylab Temurbeklar maktabiga topshirdim. U yerni bitirgach, Samarqandda oliy ta’limda bir yil o‘qib, ikkinchi kursda hozirgi o‘qishimga imtiyozli ravishda yo‘llanma oldim va grant asosida u yerga borib tahsilni davom etdirdim. Xullas, to‘qqiz yil maktabda, litseyda uch yil, besh yilki Voronejda o‘qiyapman aka, - deydi kulib Ilhomjon.

- Ha, noni buyursin, ilm zahmatini chekibsan. Kelajaging bundan ham porloq bo‘lib, qaysi sohada bo‘lsa ham Vatanga xizmat qilaver, - deyman tilak bildirib.

Ilhomjon yaqinda qishki ta’tilga kelishi bilan uylanib olibdi:

- O‘zing sevgan qizga uylandingmi ishqilib, shoir?

Yigit o‘zbekona, nim kulgu bilan tasdiq ifodasin qilib, ko‘zlari porlab, biroz xijolatmonand dedi:

- Aka, litseyda o‘ninchi sinfda o‘qir ekanman ona tili va adabiyot fanidan Qashqadaryoga fan olimpiadasiga borib faxrli o‘rinni olib kelgandim. O‘shanda keliningiz bilan tanishib do‘stlashgandim, bu sevgiga aylandi, davomi turmush qurdik.

- Yaxshi, kelin nima ish qiladi, u ham shoira emasmi? - qiziqib so‘radim.

- Shunday desa ham bo‘ladi. Lekin Samarqand davlat universitetida biologiya yo‘nalishida o‘qidi. Hozir maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi hamda magistraturada tahsilini davom ettiryapti.

G‘ururi butun, Vatan posbonligi kasbiga otlanayotgan bu yigitning qalbi go‘zalligi kishini hayratlantiradi. Ismi jismiga monand, ilhomli yigit:

Aybga yo‘ymang muhabbatni siz,

Qo‘ying mayli, telbacha sevsin.

Muhabbatga asir dillarning,

Alloh o‘zi baxtini bersin.

deydi.

Darhaqiqat, muhabbat va ezgulikni anglashning o‘zi ko‘plarni shoir qilgan. Ilhomjonni ham “otasi bemor bo‘lgani”da, “bobosi o‘tgani”da, onasini sog‘inganida, musofir o‘lkada ilm olaman deb yurganida po‘rtanalangan tuyg‘ulari shoir qilibdi.

Toshkentga qaytar ekanman, Ilhomjonning yanada ko‘p o‘qib-izlanib, go‘zal she’rlar yozib, tom-tom kitoblar chiqarishi, har tomonlama komil inson, mag‘rur shoir sifatida bo‘y ko‘rsatishini istadim.

O‘lmasbek XO‘JAYeV,

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir-jurnalist.