Mutaxassis: Qishning sovuq harorati ba’zi bemorlarda allergik reaksiyalarni yuzaga keltirishi mumkin

Yurtimizda qishning dastlabki oyi sovuq kunlar bilan boshlandi. Kelgusi haftadan harorat yanada pasayishi kutilmoqda. Bunday ob-havo sharoiti ba’zi insonlarda allergik reaksiyalarni paydo qilishi mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova ushbu patologiya haqida ma’lumot berdi.

— Sovuqqa allergiya ko‘proq ayollar va bolalarda kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — U, birinchi navbatda, immunitet tizimi zaiflashishi oqibatida yuzaga keladi. Allergiyaning bu turiga moyil kishilar sovuq bilan yuzlashganda, organizm noyob patologik oqsil — krioglobulin ishlab chiqara boshlaydi.

Bu modda immunitet hujayralari tomonidan begona unsur sifatida qabul qilinib, hujumga uchraydi. Mazkur jarayonda faol ishlab chiqariladigan gistamin moddasi esa allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi.

Kasallik turli ko‘rinish va shakllarda namoyon bo‘ladi. Eshakemi, rinit, kon’yunktivit, dermatit, astma shular jumlasidan. Hatto ayrim bemorlarda Kvinke shishi ham hosil bo‘lishi mumkin. Ular orasida eng keng tarqalgani eshakemi bo‘lib, tanada pufakchalar paydo bo‘lishi bilan kechadi.

Sovuqqa allergiya belgilari izg‘irin harorat ta’siridan 3-5 daqiqa o‘tib paydo bo‘ladi va simptomlar 1-2 soatdan bir necha kungacha kuztilishi mumkin.

Kasallikning o‘tkir va surunkali shaklida qo‘l, yuz, yonoq va oyoqlarlarda kuchli qichishish yuzaga kelib, so‘ng terida qizil dog‘ va pufakchalar yuzaga keladi.

Ba’zida titroq, umumiy holsizlik, yurak urishi tezlashishi va bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatiladi. Nafas qisishi, taxikardiya, qon bosimi pasayishi, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin.

O‘tkir respirator virusli kasallikka chalingan, allergiyaga nasliy moyilligi bor, oshqozon-ichak yo‘llari va jigar xastaliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarda sovuq harorat ta’siriga ko‘proq sezgirlik paydo bo‘ladi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.