Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Asabiy odam (hikoya).  Aziz Nesin

Azbaroyi tutaqib ketganidan qo‘l-oyog‘ini titroq bosgan nimjongina bir mo‘ysafidni itarib-surib politsiya bo‘limiga olib kirishdi.

— Manavi chol hammamizni haqorat qildi, komissar to‘ra, darhol javobgarlikka torting.

Komissar eng oldinda turgan barzangidan so‘radi:

— Nima deb haqorat qildi?

— Yomon so‘zlar bilan haqorat qildi, komissar to‘ra, otam rahmatlikka ham til tekkizdi. Padari buzrukvorimiz o‘rtaga tushmaganlarida ham mayli edi…

Gapni cholning o‘zi ilib ketdi:

— To‘g‘ri, haqorat qildim, ho‘kizdan tarqagan ekansan, dedim. Mana, men bo‘lgan voqeani gapirib beray, o‘zingiz eshitib ko‘ring. Taksida kelayotgan edim. Bu yigit Oltinbaqqol degan joyda mashinaga chiqdi. Taqsim maydoniga kelganda tushaman, deb qoldi. Buni ko‘rib qonim qaynab ketdi. «Ho‘v ho‘kizdan tarqagan, hali yosh ekansan, kuch-quvvating joyida ekan, shu ikki qadam yerga mashinaga tushmasang o‘lasanmi?» deb aytdim. Bo‘lgan gap shu. Mana ishonmasangiz o‘zidan so‘rang. — Barzangi cholning gapini tasdiqladi.

— Bu yerda yigitning o‘zi aybdor, lekin meni bekorga xafa qildi, — dedi o‘ng tomonda turgan ikkinchi bir da’vogar.

Chol komissarning savolini kutib o‘tirmay o‘zi gap boshladi:

— Buniyam boplab so‘kdim, ayb o‘zida. Bu odam o‘zi Taqsimda mashinaga o‘tirdi. Bir nafasda ikkita sigaret chekib tashladi. Indamadim, yana bitta tutatdi. Miq etmadim. Mashinaning ichi tutunga to‘lib ketdi. Oynani sal ochib qo‘yaylik, nafas olib bo‘lmayapti, desam, yo‘q, havo sovuq, men shamollab qolaman, deydi-ya. Gapini eshitib g‘azabim qaynadi. «Qanaqa eshaksan o‘zing, ablah, shamollab qolishdan qo‘rqadigan bo‘lsang, nima uchun o‘tirgan joyingda mo‘rkondek ketma-ket tutun qaytarasan?» dedim.

— Qariyaning gapi to‘g‘ri. Bunaqa betamiz odamlarning ta’zirini berib qo‘yish kerak, — gapga aralashdi uchinchi da’vogar.

— Siz o‘zingiz nima demoqchisiz? — so‘radi komissar unga yuzlanib.

— Meniyam, afandim… Yomon haqorat qildi…

— Qildim, qilaman ham… Bu kishi Galatasaroydan taksiga chiqdi. Yetti tug‘ib bir qolgan odamini topganday menga hasrat qila ketdi. Oilasi to‘rt jon emish, ikki xonali uyda ijarada turarmish. Xotini o‘taketgan shallaqi emish. O‘tgan yili qizini uzatgan ekan, kuyovi noqobil chiqibdi. Xotini yana homilador bo‘lgan ekan, qornini yorib bolani olishibdi. Endi yana bo‘yida bo‘lib qolganmish. Bola bo‘lmaslikning yo‘lini bilmaysizmi, deb mendan so‘rab qoldi. Shu gapni eshitib tepa sochim tik bo‘lib ketdi. «Ho‘v afandim, bu qandoq bo‘ldi, o‘zing og‘zida bitta tishi qolmagan ro‘dapo chol bo‘lsang, buning ustiga xotining ketma-ket tug‘ib beraversa? Bu haqda sen emas, boshqalar o‘ylashi kerak. O‘zing qanaqa molfahm odamsan, uydagi gapni duch kelganga aytaverasanmi, nomard», dedim.

— Juda boplabsan, sening o‘rningda bo‘lganimda men ham shundoq qilgan bo‘lardim, — deb yubordi boshqa bir da’vogar.

— Xo‘sh, sizga nima dedi? — uning o‘zidan so‘radi komissar.

— Bu odam meniyam haqorat qildi, to‘ram.

— Ha, bopladim, yana boplayman. O‘zi Tepaboshida taksini to‘xtatib chiqib oldi. Chiqdi-yu, pulemyotga o‘xshab ketma-ket aksa ura boshladi. Chetga qarab ursa go‘rga edi, lekin bu muttaham naq betingizga poylab otadi-ya. Yana bir xapshu deb yuborgan edi, yuz-ko‘zimni so‘lakayi bilan chaplab tashladi. «Agar tumov bo‘lgan bo‘lsang, og‘zingga ro‘molcha tut yoki aksirayotganingda qo‘ling bilan og‘zingni bekitib tur. Odamning betiga qarab aksa urish qayoqdan chiqqan, itvachcha?» deb so‘kib yubordim. Axir yo‘li shundoq emasmi, komissar to‘ra?

— Balli, otaxon, shunaqa bo‘lishi kerak, gaping juda to‘g‘ri, — dedi uni quvvatlab yana bir da’vogar.

— Qani, o‘zingiz nima demoqchisiz?

— Bu odam meniyam kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qildi.

— Ha, tonmayman, hayvon deganim rost. Gap bundoq. Bu zang‘ar Shishxonaga kelganda mashinani to‘xtatdi. Pastga tushgach, nuqul cho‘ntagini kovlaydi-yu, puldan darak yo‘q. O‘zingiz bilasiz, bu soatda ko‘chada qatnov zo‘r bo‘ladi. Orqamizda tramvaylar, avtobuslar, mashinalar turna qator bo‘lib ketdi. Politsiyachi bizga tezroq yur, deb hushtak chaladi, shofyorlar baqirib-chaqirishadi. Bu ho‘kizning esa parvoyi falak. Hali shimining cho‘ntagini kovlaydi, hali nimchasini. Anchadan keyin «mana-e, topdim» deb ich cho‘ntagidan yuz liralik qog‘oz pul chiqarib bersa bo‘ladimi?! Jon-ponim chiqib ketdi. «Taksiga o‘tirgan odam darrov pulini tayyorlab qo‘yishi kerak.

Shuncha odamni yo‘ldan qoldirish yaramaydi. Pulingni maydalab qo‘ysang bo‘lmasmidi, hayvon?!» deb so‘kib berdim.

Da’vogar bo‘lib kelgan shu taksining shofyori ham uning yonini oldi:

— Barakalla, boplab ta’zirini berding, qoyilman.

Komissar darhol unga o‘girildi.

— O‘zingiz nega keldingiz?

— Men ham so‘kish eshitdim.

— Ha, to‘g‘ri, buniyam eshak dedim. Nega deganda, u bitta xotindan pulni olib, xo‘p opajon, dedi, ikkinchisiga onajon deb murojaat qildi. Bir kishini amaki, yana birini tog‘a deb chaqirdi. Yo‘lovchilarning birini aka, birini uka deb rosa sayradi. Bir mo‘ysafidni boy ota, deb kuzatib qoldi. Tishimni tishimga qo‘yib ketaverdim. Oxiri men ham haqimni to‘lab, mashinasidan tushayotgan edim, «xafa bo‘lmay keting, ota», deydi-ya. Bunisiga endi nima desa bo‘ladi? «Ho‘, xumpar, men sening onangni ko‘rmagan bo‘lsam, xotining kimligini bilmasam, nega endi menga ota deysan? Mashinangga tushgan odam senga urug‘-aymoq bo‘lib ketaverar ekan-da, eshak!» deb aytdim.

— Shuncha yoshga kirib, Istambul qanaqaligini bilmaysanmi o‘zing? Mabodo senga bunaqa qo‘pol, befarosat odamlar yoqmas ekan, ko‘chaga chiqib nima qilasan? Uyingda tinch yotaversang bo‘lmaydimi, esh..., - Shu joyga kelganda komissar o‘zini o‘nglab oldi. - Afandim!