Mutolaa: Eng qisqa va ta’sirli hikoyalar

Bolalar poyabzali sotiladi. Kiyilmagan…

Ernest Xeminguey.

* * *

Chekib olgan haydovchi qancha yoqilg‘i qolganini ko‘rish uchun benzobak tomon egildi. Marhumning yoshi yigirma uchda edi.

O’Genri.

* * *

Yerdagi oxirgi odam xonada o‘tirardi. Birdan eshik taqillab qoldi….

Frederik Braun.

 * * *

Shukrona

Tug‘ilganimda, men qora edim; qora bo‘lib ulg‘aydim; men quyoshda uzoq tursam, yana qorayaman; hattoki o‘lganimda ham qoraligimcha qolaman. Siz, oqlar esa: tug‘ilganingizda — qizg‘ish bo‘lasiz; ulg‘ayganingizda — oqarasiz; oftobda toblanganingizda — qizarasiz; sovqotganingizda — ko‘karasiz; qo‘rqqaningizda — sarg‘ayasiz; o‘zingizni yomon his qilganingizda — yashil tusga kirasiz; o‘lganingizda esa bo‘zarasiz. Va siz meni rangli (qora tanli) deysiz».

Endryu E Xant.

***

Omadsizlik

Tanamdagi shiddatli og‘riqdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochishim bilan kravotim oldida turgan hamshirani ko‘rdim.

— Mister Fudjima, — dedi u, — omadingiz bor ekan, siz ikki kun avval Xirosimadagi bombardimondan omon qoldingiz. Hozir siz gospitaldasiz, ortiq xavf ostida emassiz. Madorsizlikdan bazo‘r so‘radim:

— Qayerdaman?

— Nagasakida, — javob berdi u.

Alan Ye Mayer.

***

Haqiqatni qidirib

Nihoyat, bu xilvat, ovloq qishloqda uning qidiruvlari yakunlandi. Chirib, to‘kilay deb qolgan xaroba kulbada miltillab turgan olov yonida Haqiqat o‘tirardi. U umrida hech qachon bundayin qari va badbashara ayolni ko‘rmagan edi.

— Siz Haqiqatmisiz?

Qartaygan, burushiq alvasti tantanavor bosh silkidi.

— Ayting-chi, men insoniyatga siz haqingizda bildirishim kerakmi? Ularga qanday xabarni yetkazay?

Kampir olovga tupurdi-da, javob berdi:

— Ularga meni yosh va sohibjamol deb ayt!

Robert Tompkins.