Mutolaa. Kambag‘al odamlar. Hikoya

LevTolstoy

Kulbada baliqchining xotini Janna olov yonida eski yelkanni yamab o‘tirardi. Deraza ortida shamol hushtak chalib uvillaydi, to‘lqinlar chayqalib, qirg‘oqqa urilib, sachrab guvillaydi... Tashqari qorong‘u va sovuq, dengiz bo‘ronli, baliqchi kulbasi esa issiq va shinam. Sopol pol toza supurilgan, pechdagi olov hali o‘chmagan, idish-tovoqlar javonda yaltiraydi. Usti oq parda yopig‘liq to‘shakda bo‘ronli dengiz uvillashi ostida besh bolakay uxlab yotadi. Baliqchi eri ertalab qayiqda dengizga chiqqan va hali undan darak yo‘q. Baliqchi ayolning qulog‘iga faqat to‘lqinlar shovqini va shamolning uvilashi eshitiladi. Jannaning ko‘ngli g‘ash...

Qadimdan qolgan yog‘och soat bo‘g‘iq ovoz bilan o‘n... o‘n birni urib zang chaldi. Eri hali ham yo‘q. Janna o‘ylanib qoldi. Eri o‘zini ayamaydi, sovuq va bo‘ronlarda baliq ovlaydi. O‘zi esa ertadan kechgacha tinim bilmaydi. Shunga qaramay topganlariga arang tirikchilik qiladi. Bolalarining esa poyabzali yo‘q, qishin-yozin ular yalangoyoq yuguradi, bug‘doy noni yemaydi –javdar uni yetgulik bo‘lgani yaxshi. Faqat baliqqa qo‘shib taom tayyorlash uchun ziravorlar bor, xolos. “Xudoga shukr, bolalar sog‘-salomat. Nolishga hojat yo‘q, - o‘ylaydi Janna va bo‘ronga quloq tutadi. – Hozir u qayerlarda ekan? Erimni panohingda asra Rabbim, uni qutqar va rahm qilgin!” deydi u.

Uxlashga hali erta. Janna o‘rnidan turib boshiga qalin ro‘molini tashladi, moy chiroqni yoqib, dengiz tinchlanmadimi, mayoqdagi chiroq yonayaptimi, erimning qayig‘i ko‘rinarmikan, deb xabar olish uchun ko‘chaga chiqdi. Biroq dengizda hech narsa ko‘rinmadi. Shamol uning ro‘molini yulishi bilan birga qo‘shni kulbaning eshigini taqillatardi. Janna kechqurun kasal qo‘shnisidan xabar olmoqchi bo‘lganini esladi. “Unga qaraydigan hech kim yo‘q”, deb o‘yladi u va eshikni taqillatdi. Hech kim javob bermadi.

“Bechoragina bevaga qiyin, - o‘yladi Janna ostonada turib. – Bolalari ikkitagina bo‘lsa ham hamma narsa haqida o‘zi o‘ylashi kerak. Ustiga-ustak bu kasallik! Eh, oson emas bevaga. Undan xabar olishim kerak”.

U yana taqillatdi. Hech kim javob bermadi.

- Hoy qo‘shni, - chaqirdi Janna. “Biror kori holi bo‘ldimi?”, - o‘yladi u va eshikni ochib kirdi.

Kulba juda nam va sovuq edi. Janna kasal ayolni qayerdaligini bilish uchun chirog‘ini ko‘tardi. Uning ko‘zi eshik qarshisidagi somon to‘shakka tushdi va to‘shakda, xuddi o‘liklar yotganidek qimirlamasdan qo‘shni ayol yotardi. Janna chiroqni yaqinlashtirdi. Ha, uning boshi orqaga tashlangan, sovuq ko‘kargan yuzida o‘lim xotirjamligi. Oqargan, o‘lik qo‘li go‘yo nimanidir olmoqchi bo‘lib cho‘zilgandek somon ustida osilib qolgan. Onadan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda, jingalak sochli, yo‘g‘on lunjli, ustiga eski ko‘ylak yopingan ikki bolakay sarg‘ish boshlari bilan bir-birining pinjiga kirib uxlab yotibdi. Aftidan, onasi o‘lishidan oldin farzandlari oyoqlarini eski ro‘mol bilan o‘rashga va ko‘ylagi bilan ustini yopishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning nafas olishlari bir tekis va sokin edi, ular shirin va xotirjam uxlardi. Janna bolalar beshigini yechib olib ularni ro‘moliga o‘rab, uyiga olib ketdi. Yuragi qattiq urardi: bu ishni qanday va nima uchun qilganini o‘zi ham bilmaydi, lekin uning yurak amri boshqa tutumga yo‘l bermasligini ham bilardi.

Uyida uyg‘onmagan bolalarni farzandlari yotgan to‘shakka yotqizdi va shoshilib pardalarni yopdi. Uning rangi oqarib, hayajonda edi. Vijdoni qiynalayotgandek: “Erim nima der ekan?”, - deydi o‘ziga o‘zi. – Hazil emas axir – o‘zining besh nafar farzandlari tashvishi yetmaganday... U esa... Yo‘q, yo‘q! Nega oldim!... U meni urib o‘ldiradi! Ha, to‘g‘ri-da, men bunga loyiqman. Ana, keldi! Xudoyim... Endi bo‘lganicha bo‘lar!”

Eshik xuddi kimdir kirgandek g‘ijirladi. Janna titrab ketib, kursidan turdi.

“Yo‘q. U hali kelmadi! Xudoyim, nega bunday qildim?.. Endi uning ko‘zlariga qanday qarayman?..”. Janna o‘ylanib bolalar yotgan to‘shak oldida mudrab o‘tirardi.

Yomg‘ir tindi; tong otdi, shamol hamon esardi, dengiz esa oldingiday shovqin urardi.

To‘satdan eshik ochilib, xonaga toza dengiz havosi kirib keldi,  orqasidan ho‘l, yirtilgan to‘rlarni sudrab uzun bo‘yli, qorachadan kelgan baliqchi xonaga kirib keldi:

- Men keldim, Janna!

- Ha, sizmisiz! – dedi Janna va uning ko‘ziga qarashga jur’at etolmay to‘xtab qoldi.

- Shunaqa ham qo‘rqinchli tun bo‘ladimi? Dahshat!

- Ha, ob-havo juda yomon bo‘ldi. Baliq ovlab bo‘ldimi?

- Yo‘q, mutlaqo, bema’ni tun. Hech narsa tushmadi. Faqat to‘rlar yirtildi. Yaxshi bo‘lmadi... Men senga aytsam... bunaqa ob-havoni, bunaqa kechani eslolmasam kerak. Baliq ovlashni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Uyga tirik qaytib kelganimga ham shukur... Xo‘sh, sen nima qilding mensiz?

Baliqchi to‘rlarini xonaga sudrab kirib, pechka yoniga o‘tirdi.

- Men, – dedi xotini rangi oqarib. – Men... haligi... tikish qildim.. Shamol shunchalik qo‘rqinchli bo‘ldiki... Sizdan xavotirlandim.

- Ha, ha, - g‘o‘ldiradi eri, - bo‘lmag‘ur ob-havo bo‘ldi! Nima ham qila olardik.

Ikkalasi ham jim bo‘lib qoldi.

- Bilasizmi, - dedi Janna, – qo‘shnimiz Simona o‘lib qopti.

- Xo‘sh?

- U qachon o‘lib qolganini bilmayman, ehtimol kechadir. U osonlikcha jon bermagan bo‘lsa kerak. Bolalarini tashlab ketishga yuragi qanday dosh berdi ekan. Axir,  go‘daklari ham juda ham yosh...Biri hali gapirmaydi, ikkinchisi esa endi emaklay boshlagan...

Janna jim bo‘lib qoldi. Baliqchi qoshlarini chimirdi; uning yuzi jiddiy, xavotirli bo‘lib qoldi.

- Yaxshi ish bo‘lmapti! – dedi u boshini qamashtirib, - nima qilmoqchisan! Ularni olib kelish kerak, aks holda uyg‘onib qolgudek bo‘lsa, marhum bilan bir joyda-ya? Bir amallarmiz? Tezda ularni olib kel!

Janna joyidan qimirlamadi.

- Nima, rahming kelmayaptimi ularga? Senga nima bo‘ldi, Janna?

- Ular shu yerda, - dedi Janna va pardani orqaga tortdi.

 

Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.