Mutolaa. Qazishyapti. (Hikoya)

Sakyo Komatsu

- Dada, nimaga bu yerni qazishyapti? – so‘radi bolakay.

- Ehtimol, yangi metro liniyasi qurishayotgandir, - javob berdi ota.

...Chang bosgan chorraha. Kulrang asfalt. Avtoulovlarning uzluksiz oqimi. Osmon rangi tutun va changdan kir-qizg‘ish rangga bo‘yalgan. To‘xtovsiz shovqindan quloqlar og‘riydi: g‘ildiraklarning shitirlashi, tormozlarning g‘ichirlashi, son-sanoqsiz oyoqlarning dukurlashi, chig‘irlarning chiyillashi, bug‘ bolg‘alarining zarbasi. Bir bino qurilyapti, ikkinchisi buzilyapti. Katta shaharning kundalik hayoti...

Aynan ana shu kundaliklik uni hayratga soldi. Ha, u bularning barchasini ko‘rgan, yuzlab, minglab marta ko‘rgan. O‘shanda, yigirma yildan ko‘proq vaqt oldin ham, u  o‘zining o‘g‘li kabi kichkina bolakay edi...

Xuddi shu chorraha. U kichkinagina bolakay, otasi bilan shu joyda turardi. Otasi esa taxminan uning hozirgi yoshida. U so‘rayapti:

- Ota, nimaga bu yerni qazishyapti?..

U sarosimaga tushib atrofga nazar tashladi. Chig‘ir chiyillaydi, Samosval orqaga haydalib kuzovini bo‘shatdi. Juda g‘alati... qazishyapti... Yigirma yil avvalgi joyda hozir ham qazishyapti. Bu yerda nima quriladi ekan? Qachon tugatishadi?

Ba’zida o‘z yumushlari bilan band bo‘lib, atrofga zarracha ham e’tibor bermay qo‘ygan shahar yashovchisi birdan o‘zida qiziqish uyg‘otadi: bular o‘zi nima qilishyapti? Nega? Aslida nima bo‘layotganing unga hech qanday aloqasi yo‘q, lekin baribir qiziq.

“Qiziq, bu yerda nima qilishyapti ekan, - deb o‘yladi u... - Aniqlash kerak”.

U gazetada ishlaydigan tanishi orqali surishtirmoqchi bo‘ldi. Gazetachi uni “Shahar xo‘jaligi” bo‘limidagi mas’ul xodim bilan uchrashtirdi, lekin u bu bo‘limga yaqinda boshqa bo‘limdan o‘tganligini va hech narsadan xabari yo‘qligi aytdi.

- Menimcha, u yerda metro qurilyapti, - dedi gazeta xodimlaridan biri.

- Yo‘q, u yerda yer osti yo‘lagi bo‘ladi, - e’tiroz bildirdi boshqasi.

- Yaxshisi, - dedi gazetachi tanishi, - to‘g‘ridan-to‘g‘ri munitsipalitetning loyihalash bo‘limiga borganing ma’qul, ular aniq bilishadi.

U shahar hokimligiga keldi. Loyihalash bo‘limining yosh xodimi qalin papkalarni varaqlay boshladi.

  • Shaharda ulkan qurilish ishlari olib borilyapti. Sizni qaysi ob’yekt qiziqtirayotganini tushunmay turibman. Ha... to‘rtinchi bo‘lim. Metro deysizmi? Yo‘q, bu yerda metro ancha vaqt oldin qurilgan, xabaringiz bo‘lsa kerak.
  • Ha, lekin nega u yerda doim qazishadi?

- Balki yer osti yo‘lagidir... – amaldor yana bir papkani ochdi. Aytgancha,  u yerda yer osti yo‘lagi qurish loyihalashtirilmagan. Ehtimol, vodoprovod, kanalizatsiya yoki shunga o‘xshash biron nima o‘rnatishayotgandir. Yaxshisi, suv ta’minoti bo‘limiga murojaat qila qoling.

Suv ta’minoti idorasida qazish ishlariga ularning aloqasi yo‘qligini aytishdi. Qurilish bo‘limida aniqlash tavsiya etildi. O‘sha yerda iqror bo‘lishdi – ha qazyapmiz, ish loyihasi va smetani oldik, shuning uchun qazyapmiz. U yerda nima bo‘lishini aytish qiyin... Shahar kattaligiga qarang, umuman olganda, bir qancha qurilish loyihalari bor, ba’zida qaysi biri qaysi biri bilan bog‘liqligini fahmlab olish qiyin...

U telefon stansiyasiga bordi. U yerdagilar ularning zimmasiga faqat kabel yotqizish kirishini, boshqa yer-qazish ishlari esa hokimlik tomonidan amalga oshirilishini aytishdi.

Meriyada to‘rtinchi bo‘limdagi ishlar yer osti kommunikatsiyalaridan birida loyiha asosida ish boshlangani eslatishdi.

- Yigirma yildan ortiq qazishadi, deysizmi? – hayron bo‘ldi majlis kotibi. – Bo‘lishi mumkin emas! Barcha qurilish loyihalari muddatida yakunlanadi. Sizni qiziqtirayotgan hududda juda ko‘p qurilishlar bo‘lyapti. Bir qurilish tugamasdan, ikkinchisi boshlanadi. Shu sababli ko‘pincha bir joyda qayta-qayta qazishga to‘g‘ri keladi.

- Qanday qilib – g‘o‘ldiradi u. – Bu mas’uliyatsizlik... Siz... hech bo‘lmaganda bu ishlar qachon tugatishini ayta olasizmi?

- Qachon tugashini? Bu qaysi ishni nazarda tutayoganingizga bog‘liq. Masalan, yangi metro liniyasi allaqachon qurib bitqazilgan. Bu hududda bir necha yildan so‘ng yer osti yo‘lagi qurishni boshlaymiz, tugallangach bosh rejaga muvofiq kanalizatsiya ishlarini boshlab yuboramiz. Tabiiyki, kanalizatsiya tizimini yotqizish yer osti kommunikatsiyalarini keng qamrovli qayta jihozlashga olib keladi. Albatta, biz ishlarni tezroq yakunlash uchun astoydil harakat qilayotganimizni tushunarsiz.

- Yaxshisi, - dedi kotib burchakdagi o‘rindiqda mudrab o‘tirgan cholga ishora qilib, - bu janob bilan gaplashishga urinib ko‘ring. Bu kishi umr bo‘yi shu tizimda ishlagan, nafaqaga chiqqanidan so‘ng arxivimizni o‘rganyapti. Shu kishi bilsa kerak.

U chol yaqiniga bordi. Chol uyqusirab moviy ko‘zlarini unga qaratdi. U savolini berdi.

- Oh, - dedi chol va qayoqdagi bo‘shliqda tikilib qoldi. – Xo‘sh, xo‘sh... Xo‘sh, savol juda o‘rinli. O‘rinli savol. Faqat hozir bunga javob berishning iloji yo‘q. Javob bera olmayman! Shahar ulkan va e’tiboringiz uchun u jonli. U o‘z maromida yashayapti va ayniqsa “shahar tanasidagi modda almashinuvi” tushunchasi modaga kirgandan buyon shiddat bilan yashayapti.

- Uzr, buni qanday tushunsam bo‘ladi?

- Juda oddiy, yaxshi yigit. Shahar aholisi ko‘payayaptimi? O‘sib borayapti. Bu kommunal qurilishni kengaytirish kerakligini anglatyaptimi? Shunday. Ana, shunaqa! Biz kengaytiryapmiz. Hammasini birdan qurib bo‘lmaydi – asta-sekinlik, yengillik bilan. To‘satdan astoydil xizmat qilgan ba’zi eski aloqa yo‘llari yaroqsiz holga kelib qoladi. Bunday azamat shaharda hamma narsa bir-biriga bog‘langan. Nima deb o‘ylaysiz, o‘zaro bog‘liqmi yoki yo‘qmi?  Hamma gap shunda. Biron narsa buzilsa, yangi loyihalarning biriga o‘zgartirish kiritiladi. Loyihalar esa ipdagi munchoqchalar kabi: biri o‘zgartirildimi, boshqalarini ham almashtirish kerak. O‘zgarishlar albatta qurilishlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Muddati o‘zgaradi, cho‘ziladi... Bir qarasangiz hali bir tomondan boshlaymiz, hali ikkinchisidan, qarabsizki, oxiri boshlanishiga aylanadi-qoladi...

- Axir bu g‘irt bamazagarchilik-ku, – baland ovozda gapirib yubordi u. – Bundan chiqdi, chap qo‘l o‘ng qo‘l nima qilayotganini bilmas ekan-da! Yigirma yildan beri qaziysizlar, kovlaysizlar, shu vaqt ichida shahar aholisining turmush sharoiti oz bo‘lsa ham o‘zgarmadi-ku, axir.

Chol unga diqqat bilan qaradi va birdan tishsiz og‘zini katta ochib kulib yubordi.

- Kechirasiz, janob, sizning ismingiz... men sizni esladim! Esladim, qarang-a, qanday ajoyib o‘xshashlik! Umrimda otasiga bunchalik o‘xshaydigan o‘g‘ilni uchratmaganman. Ha... Xullas, yigirma yildan ko‘proq vaqt oldin, men hali shahar hokimligi yig‘ilish kotibi bo‘lib ishlaganimda, otangiz bu yerga kelgan edi. U ham xuddi siz kabi – bu chorrahada nimani qazishyapti, deb so‘ragan edi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.