Mutolaa: Sakkizinchi. Hikoya Jek Richi

Men tekis va ravon yo‘lda sakson mil tezlikda ketardim, biroq bu tezlik ham menga yarim baravar kam tuyulardi. 

Avtomobil radiosini tinglab ketayotgan qizg‘ish sochli yigitchaning ko‘zlari biroz g‘alati tarzda porlab turardi. Yangiliklar tugagach, u radio ovozini o‘chirdi. 

- Hozirgacha ular yetti qurbonni topishdi, - deya u qo‘li bilan og‘zining burchagini artdi. 

- Eshitdim, - bosh irg‘adim men. Bir qo‘limni ruldan olib, taranglikni yumshatish uchun boshimning orqa qismini siladim. U menga qarab, hiyla bilan jilmayib qo‘ydi: 

- Biror narsadan asabiylashyapsizmi? 

Men unga tez nazar tashladim. 

- Yo‘q. Bunga hojat yo‘q. 

U tabassum qilishda davom etdi. 

- Politsiya Edmont atrofidagi ellik milya bo‘ylab barcha yo‘llarni to‘sib qo‘yipti. 

- Buni ham eshitdim, - bola deyarli qiqirlab kulib yubordi. 

- U ulardan ancha ayyor. 

- Men uning quchog‘ida ushlab turgan sumkasiga qaradim. 

- Uzoqqa ketyapsanmi? 

U yelka qisdi. 

- Bilmayman. 

Bolaning qomati nozik, bo‘y-basti o‘rtacha bo‘ydan biroz past edi. U o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshlarda edi chamasi, lekin yuzi bolalarcha bo‘lgani uchun yosh ko‘rinardi, u besh yosh kattaroq bo‘lishi ham mumkin edi. 

U qo‘llarini shimiga artdi. 

- Uni bunga nima majbur qiladi ekan, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? 

Men yo‘lga qarashda davom etdim. 

- Yo‘q. 

U lablarini yalab qo‘ydi. 

- Ehtimol, uni xo‘rlashgan. Hayoti davomida kimdir doim unga bosim o‘tkazib kelgan. Kimdir har doim uning o‘rniga nima qilish kerakligi va nima qilmasligini hal qilgan. Vaqti kelib bu bosim chidab bo‘lmas darajaga kelib qolgan. 

Yigitcha yo‘lga tikilib qoldi: 

- U portladi. Hammaning o‘z chegarasi bor. Keyin bir nima uzilib ketadi. 

Men akseleratordan oyog‘imni bo‘shatdim. U menga qaradi. 

- Nega sekinlashyapsiz? 

- Benzin tugayapti, - dedim, - yoqilg‘i quyish shoxobchasi so‘nggi qirq chaqirim atrofda ko‘rgan birinchi benzostansiyam. Ehtimol keyingisi yana qirq chaqirimdan so‘ng bo‘ladi. 

Yo‘ldan burilib, uchta yonilg‘i quyish shoxobchasi yonidagi avtoturargohda to‘xtadim. Bir keksa odam mashinani aylanib o‘tib, haydovchi tomondan yaqinlashdi. 

- Bakni to‘ldiring, - dedim, - yog‘ini ham tekshiring. 

Yigitcha benzostansiyani ko‘zdan kechirardi. Bu bug‘doy dalalari ummonidagi yagona unchalik katta bo‘lmagan derazalari chang bosgan bino edi. Ichkaridagi devorga o‘rnatilgan telefon zo‘rg‘a ko‘rinardi. Yigit oyog‘ini silkitib o‘tirardi. 

- Chol uzoq immillayapti. Men kutishni yoqtirmayman. 

U qariya moyni tekshirish uchun kapotni ko‘targanini kuzatib turardi: 

- Qiziq, nega bunday keksa odamlar yashashni xohlashadi ekan? O‘lsayam bo‘lardi. 

Men sigareta tutatdim. 

- U sening fikringga qo‘shilmagan bo‘lardi. 

Yigit yana yonilg‘i quyish shoxobchasiga qaradi va jilmayib qo‘ydi. 

- U yerda telefon bor. Biron kishiga qo‘ng‘iroq qilmaysizmi? 

- Yo‘q. 

Chol yaqinlashganida yigitcha derazaga engashdi: 

- Sizda radio bormi, janob? 

- Yo‘q. Menga jimlik yoqadi, - chol boshini chayqadi. 

- Aniq fikr, janob. Hammasi tinch bo‘lsa, ko‘proq yashaysiz, - yigit miyig‘ida kulib qo‘ydi. 

Yo‘lga chiqqach, tezlikni yana saksongacha yetkazdim. Yigit biroz jim turgandan keyin aytdi: 

- Yetti kishini o‘ldirish uchun katta matonat kerak. Siz biror marta qo‘lingizda qurol ushlaganmisiz? 

- Har bir kishi ushlagan deb o‘ylayman. 

Uning titrab turgan lablari tishlarini ko‘rsatib, tirjaydi: 

- Uni biron kishiga o‘qtalganmisiz? 

Men unga qaradim. Uning ko‘zlari chaqnab ketdi. 

- Odamlarning sendan qo‘rqishiga undash juda zo‘r, - dedi u. - Qo‘lingda qurol bo‘lsa, bo‘ying pastligi ham bilinmaydi. 

- Ha, - dedim, - go‘yoki sen mitti emassan. 

U biroz qizardi. 

- Boshqalarning qo‘lida qurol yo‘q ekan, sen dunyodagi eng baland odamsan.  

- O‘ldirish uchun juda baquvvat asab kerak, - takrorladi yigit. - Ko‘plar buni bilmaydi. 

- O‘ldirilganlardan biri besh yashar bola edi, - dedim men, - bunga nima deysan?  

- Bu tasodif bo‘lishi mumkin. 

Men boshimni chayqadim: 

- Hech kim bunday deb o‘ylamaydi.  

Uning ko‘zlarida noaniqlik miltillab turganday tuyuldi. 

Nima uchun u bolani o‘ldirishi mumkin edi, o‘ylab ko‘rdingizmi?

Men yelka qisdim. 

- Aytish qiyin. U bir kishini, keyin boshqasini, so‘ng yana va yana... Ehtimol, u befarq bo‘lib qolgandir. 

Yigit bosh irg‘adi. U besh daqiqalarcha jim turdi. 

- Ular uni hech qachon topa olmaydi. U juda ayyor. 

- Buni qanday tasavvur qilasan? Butun mamlakat uni qidiryapti? Uning qanday ko‘rinishini hamma biladi? 

- Unga ahamiyati yo‘q. Qilishi kerak bo‘lmagan ishni uddasidan chiqdi. Odamlar uning katta odam ekanligini bilib olishadi. 

Biz indamay bir milya yurdik, keyin bola o‘rindiqda o‘girildi: 

- Uning tavsifini radiodan eshitdingizmi? 

- Albatta, - dedim men. – O‘tgan hafta davomida. 

U menga jiddiy qarab qo‘ydi. 

- Va qo‘rqmay meni mashinaga mindirdingizmi? 

- Yo‘q. 

U mug‘ombirlarcha jilmayardi. 

- Asablaringiz temirdan qilinganmi? 

- Yo‘q. Jiddiy sabab bo‘lsa, qo‘rqqan bo‘lardim. 

U menga qarashda davom etardi. 

- Bilsangiz, aytilgan tavsiflarga men juda mos kelaman. 

- Haqiqatan ham. 

- Men qotilga quyib qo‘yilgandek o‘xshayman. Hamma mendan qo‘rqadi.

- Bu menga juda yoqayapti, - xoxolab kuldi yigit. - So‘nggi ikki kun ichida politsiyachilar meni uch marta bu yo‘ldan olib ketishdi. Menda qotilning shuhrati bor. 

- Bilaman, - dedim men. Bundan ham taniqli bo‘lasan, deb o‘ylayman. Seni shu yo‘lning biron joyida topaman, deb o‘ylagandim. 

Sekinlasha boshladim. 

- Men-chi? Men tavsifga mos kelamanmi? 

Yigit yarim nafrat bilan kuldi. 

- Yo‘q. Sizning sochlaringiz jigarrang. Uniki qizg‘ish rang. Xuddi menikidek. 

Men tabassum qildim. 

- Sochlarni bo‘yash mumkin. 

Nima bo‘lishini tushunib olgan yigitning ko‘z qorachiqlari kengaydi. 

U sakkizinchi bo‘ladi. 

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.