Mutolaa: Xotinim bilan janjallashdim. Hikoya
A.Chexov
- Jin ursin! Xizmatdan uyga itdek charchab, och kelasan, hech vaqo yo‘q, u qanaqa ovqat berishini Xudoning o‘zi biladi. Tanbeh berish ham mumkin emas. Aytishing bilanoq bo‘kirib yig‘lashlar, ko‘z yoshlari... Uylanmasdan uch marta anafemaga aylanib, o‘zimni qurbonlikka bag‘ishlaymanmi?..
Shu gaplarni aytib er qoshiq bilan likopchani jaranglatdi, o‘rnidan turdi-da, jahl bilan eshikni yopdi. Xotin yig‘lab yubordi, yuziga ro‘molchani bosdi va u ham chiqib ketdi. Kechki ovqat nihoya qildi.
Er xonaga kirib, divanga yiqildi, yuzi bilan yostiqqa sho‘ng‘ib ketdi.
“Uylanishga balo bormidi! – o‘yladi u. - “Oilaviy” hayot emish, o‘rgildim bunaqa... Hali uylanib ulgurmasdan o‘zimni otib tashlagim kelyapti!”.
Chorak soatdan keyin eshik tashqarisida yengil qadamlar eshitildi...
“Har kuni shu ahvol... Nafsoniyatimga tegadi, tahqirlaydi, g‘azablantiradi, endi esa eshik hatlayapti, yarashish niyatida... Chuchvarani xom sanapti! U bilan yarashishdan ko‘ra, o‘zimni osishni afzal ko‘raman!”.
Eshik yumshoq g‘ichirlab ochildi, lekin yopilmadi. Kimdir ichkariga kirdi va sokin, jur’atsiz qadamlar bilan divanga yaqinlashdi.
“Endi ko‘ramiz! Kechirim so‘ra, yolvor, yig‘la... Baloni yebsan! O‘lsang ham miq etmayman... Men uxlayapman, gapirishni istamayman”.
Er boshini yostiqqa chuqurroq tiqib olib, ohista xurrak torta boshladi. Erkak ko‘nglini eritish juda oson ekanligini ayollar yaxshi biladi.. Orqasida issiq tanani his qilgan er o‘jarlik bilan divan suyanchig‘i tomon o‘tdi va oyog‘ini siltab qo‘ydi.
“Ha... Endi suqilasan, yaltoqlanib, xushomadgo‘ylik qilasan... Keyin kechirim so‘rashlar boshlanib ketadi. Men bu tantiqliklarga dosh berolmayman! Hartugul... uni kechirishimga to‘g‘ri keladi. Bu ahvolda tashvishlanish unga zarar keltirishi mumkin. Jindakkina vijdoni qiynalsin, so‘ng kechirarman”.
Qulog‘i ustidan jimgina xo‘rsinish uchib o‘tdi. So‘ng boshqachi, uchinchisi... Er o‘zining yelkasida kichkina qo‘l teginishini his qildi.
“Ha, mayli, insof ham kerak! Oxirgi marta kechirganim bo‘lsin. Qiynab qo‘ydim bechorani. O‘zim aybdorman, bo‘lmag‘ur narsaga g‘alayon ko‘tardim”.
– Ha, mayli, jonginam, bir gap bo‘lar, bir kun kelib yaxshiroq ovqat pishirishni o‘rganarsan!..
Er qo‘lini orqaga uzatib, issiq tanani quchoqladi.
- Uff!!!
Uning oldida Dianka laqabli katta iti turardi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.