Nabira nega buvisining qotili bo‘ldi?
Shu maqsadda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, ularni foydali mashg‘ulotlar bilan band qilish borasidagi chora-tadbirlarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Lekin shunday holatlar ham uchramoqdaki, ayrim yoshlarimiz bilimsizligi va atrofdagilarning befarqligi natijasida hatto o‘z yaqinlarining hayotiga xavf solayotgani insonni jiddiy o‘ylashga majbur etadi.
Internet saytlarida 2017 yil 11 dekabr kuni Qibray tumanida sodir etilgan jinoyat tafsilotlarini o‘qib, dahshatga tushdim. 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro oilaviy kelib chiqqan janjal natijasida shu xonadonda yashovchi buvisini urib, tan jarohati yetkazadi. Buvini tumandagi shifoxonaga olib kelishadi. Muolajalarga qaramasdan keksa ayol vafot etadi.
Jinoyat sabablari o‘rganilganda bu yigit doimiy ravishda spirtli ichimliklar ichib kelganligi, uni tartibga chaqirmoqchi, xato yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lgan buvisining tanqidlarini to‘g‘ri tushunish o‘rniga buvisi bilan janjallashishi natijasida uning o‘limiga sababchi bo‘lganligi aniqlangan.
Tabiiyki, bu voqea tafsilotlarini o‘qib, sizning ham yuragingiz uvishadi. Jinoyat o‘z-o‘zidan sodir bo‘ldimi? Buning tag mohiyatiga e’tibor qaratsak, bunday jinoyatlar asosida shaxsning irodasizligi, hayotga yengil ko‘z bilan qarashi, atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga beparvo va loqaydligi yotadi. Masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratsak. Sir emaski, spirtli ichimliklarni sotish uchun maxsus litsenziya talab etiladi. Lekin ayrim kimsalar ushbu talablarni chetlab o‘tib, bemalol ichkilik sotmoqda. Fuqarolar orasida ichkilikka berilganlar soni ortyapti. Bunga mahalla va fuqarolarimiz ko‘p hollarda e’tibor qaratmayapti.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini qurish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, xalqning huquqiy savodxonligini oshirish kabi maqsadlar yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda xalqimizdan ham bu borada mas’uliyatli bo‘lish talab etiladi. Bunday hollarda davlat tashkilotlari yoki nodavlat notijorat tashkilotlarning sa’y-harakatlariga chetdan tomoshabin sifatida qarab turmasdan, ularning faoliyatiga fuqarolarimiz ham amaliy ko‘mak bersa, o‘ylaymanki, bunday ko‘ngilsizliklarning salmog‘i sezilarli darajada kamayardi.
Sherzod MAHKAMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchisi.