Nabotot olamining zukko bilimdoni

Biologiya fanlari doktori, professor Nazir Amirxonov ana shunday bag‘rikeng va mehribon ustoz, kamtarin olim, butun vujudi bilan ilmga oshno bo‘lgan, undan baraka topib, o‘z umrini ibratga aylantirgan zamondoshlarimizdan biri edi.

N.Amirxonov Xo‘jand viloyatida tavallud topsa-da bolalik yillari asosan Jomboy tumanida kechdi. Domlaning ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishga bo‘lgan qiziqishini otasi Amirxon bobo hamisha qo‘llab-quvvatlardi. Chunki u kishi tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlar, tuman va viloyatimiz yoshlarini bilimli qilib tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatgan ta’lim fidoyilaridan biri edi.

Hayvonot va nabotot olamining tuganmas sir-asroriga, tabiatdagi bioxilma-xillik qonuniyatlariga astoydil qiziqqani bois Nazir Amirxonov 1950 yili Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kiradi. Bu yerda professorlar Q.Zokirov, Ye.Proskoryakov, J.Saidov, S.Abayevalarning ma’ruzalarini tinglar ekan, o‘simliklar dunyosini mukammal o‘rganishga intilar va to‘garak hamda konferensiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashishga harakat qilardi. 1955 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, kafedrada assistent bo‘lib ishga qoldiriladi va qirq bir yil davomida jonajon universitetida yosh avlodga saboq beradi.

Bo‘lg‘usi olimning botanika sohasidagi tadqiqotlari asosan Zarafshon vodiysida tarqalgan o‘simliklarning xilma-xilligi, turlari, ulardan xalq xo‘jaligida samarali foydalanish muammolariga qaratilgan edi. U 1962 yilda ko‘p yillik samarali izlanishlarining mahsuli bo‘lgan “Qatron kochi biologiyasi va uni Samarqand viloyatida madaniylashtirish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburg botanika institutida muvaffaqiyatli himoya qildi. Shundan keyin uning ilmiy va pedagogik faoliyati yuqori baholanib, 1963 yilda botanika kafedrasi katta o‘qituvchisi, so‘ng kafedra dotsenti etib tayinlandi.

N.Amirxonov qatronlar turkumiga kiruvchi o‘simlik turlarining bioekologik xususiyatlarini tadqiq etishni davom ettirib, ularning kelib chiqish hududlariga boradi, biologiyasi, o‘sishi va rivojlanishining qonuniyatlarini o‘rganadi. Uning dunyo bo‘yicha tarqalgan 33 turining urug‘larini to‘plab, qatronlar kolleksiyasini tuzadi. Ularni Samarqand viloyatining adir, tog‘ oldi sharoitlarida o‘stirib, eng muhimlaridan chorva mollari uchun ko‘p yillik to‘yimli yem-xashak yig‘ish, ulardan vitaminga boy silos, senaj tayyorlashni ishlab chiqdi va o‘tloqzorlar barpo etish yo‘llarini aniqlab berdi.

Olim uzoq yillar izlanishi natijasida juda ishonchli va vatanimizni chorvachiligini rivojlantirish uchun foydali ma’lumotlar to‘pladi va ularni jamlab, 1974 yilda “O‘zbekistonda qatronlar (Crambe (Tourn) L.) turkumining sistematikasi, biologiyasi, introduksiyasi, kimyoviy tarkibi va introduksiyasi masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini oldi. Ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi uchun unga 1978 yilda professor ilmiy unvoni berildi.

N.Amirxonovning xizmatlari shunisi bilan ahamiyatliki, uning tomonidan olib borilgan tadqiqotlarning natijalari tufayli chorvachilik, xususan, qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun ozuqa birligi yuqori bo‘lgan noan’anaviy o‘simliklardan tashqari soyasevar karrak (Cousinia umbrosa Bunge.), ko‘p yillik arpa (Hordeum bulbosium L.) va javdar (Sekale L.), topinambur (Helianthus tuberosus L.)ning yangi turlari introduksiyasi o‘rganilib, iqlimlashtirildi.

Gap shundaki, Samarqand viloyatining cho‘l va yarim cho‘l hududlarida o‘sadigan efemer va efemeroidlarga mansub o‘simliklar yoz oylari tezda qurib-qovjirab qoladi. Faqat ayrim chala buta va butalar, ba’zi bir dag‘al xashakli o‘simliklar saqlanib qolib, ular chorva mollarining oqsil, uglevod va vitaminlarga boy to‘yimli ozuqaga bo‘lgan talabini qondira olmaydi. Domla Nurobod tumanining “Jom” davlat xo‘jaligi hamda Bulung‘ur tumanining “G‘o‘bdin”, Qo‘shrabot va Urgut tumanlarining adir mintaqalarida mezokserofitlar guruhiga mansub Grambe, Cousinia, Hordeum, Sorghum, Helianthus, Physalis, Poterium turkumlariga kiruvchi qatron, karrak, arpa va javdarlardan yozda va kuzda o‘suvchi pichanzor va o‘tloqzorlar barpo etish muammosini hal qilgan edi.

Professor N.Amirxonov Moskva, Sankt-Peterburg, Olma-Ota, Toshkent, Dushanbe, Bishkek, Ashxobod, Baku Tbilisi, Kiyev, Minsk va boshqa davlat universitetlarining ixtisoslashgan kengashlarida himoya qilinadigan dissertatsiyalarga rasmiy opponent sifatida taklif etilar, MDHga a’zo mamlakatlar olimlari bilan yaqin ilmiy aloqada edi. Domla shuningdek, yuzdan ortiq xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, ma’ruzalar qilardi. Keng ahamiyatga molik ilmiy ishlarining tan olinishi sifatida 1996 yilda uning Nyu-York Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylanganligini ta’kidlash mumkin.

Domla umr bo‘yi muttasil ilm izladi, bilganlarini shogirdlariga o‘rgatdi. Uning ikki yuzdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari, 6 ta monografiyasi, o‘quv-qo‘llanma va risolalari chop etilgan. N.Amirxonov rahbarligida 6 ta nomzodlik ishi yoqlangan.

Domla ilm-fan sohasida qanchalik fidoyi bo‘lsalar, oila boshlig‘i sifatida ham benazir edilar. Turmush o‘rtog‘i – biologiya fanlari nomzodi, dotsent Toliba Amirxonova bilan uch farzandni tarbiyalab, ulg‘aytirdi. Ustoz yosh avlodga chuqur bilim berish, ularni vatanparvarlik va milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalash ishiga salmoqli hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, olijanob insoniy fazilatlar sohibi, xayrli yumushlarning tashabbuskori sifatida o‘zining savobli ishlari bilan el-yurt hurmatiga ham sazovor bo‘ldi, ko‘plab medallar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Ajoyib murabbiy, jonkuyar o‘qituvchi, fidoyi va kamtarin inson Nazir Amirxonov bugun hayot bo‘lganida 90 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Ustozning ma’naviy mulki boy, bir necha avlodlarga yetgulik edi. O‘zining ko‘p yillik samarali mehnati, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘lgan shunday olovqalb insonning bugun oramizda yo‘qligini eslaganda kishi qalbi o‘rtanadi.

Ko‘ngilga taskin beradigani shuki, domla tarbiyalagan ko‘plab shogirdlar, N.Amirxonovning izdoshlari uning yorqin xotirasini doimo qalbda saqlab, O‘zbekistonimiz fanini rivojlantirish yo‘lida ustozlari boshlab bergan ezgu ishlarni sharaf bilan davom ettirmoqdalar.

Xudoyor Keldiyorov,

Bo‘ston  Islomov,

Zebo Umurzoqova.