Narpay tumani imom xatiblari 230 dan ziyod kam ta’minlangan oilalarga yordam berdi

Ro‘za buyuk ibodat va mo‘min uchun mislsiz imkoniyatdir. U kishida sabr, saxovat, iroda, to‘g‘riso‘zlik, tartib, nafsni jilovlash, shafqat, o‘zgalar dardi bilan yashash kabi yaxshi xulqlarni tarbiyalaydi, deb yozmoqda sammuslim.uz. Bu ulug‘ ibodatning islomning besh ruknidan biri qilinishi ham bejiz emas. Zero, ro‘za o‘z sohibida misli ko‘rilmagan xislat va fazilatlarni shakllantiradi. Jumladan, muhtojlarga ko‘mak berishni ham.

Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘likni tiklashda ko‘maklashish va yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironlarga yordam ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimiz, dinimiz ko‘rsatmalaridandir.

“Narpay tumani imom xatiblari Muborak Ramazon oyi davomida tumandagi 230 dan ziyod kam ta’minlangan xonadonlarda bo‘lib, ularning ahvollaridan xabar oldilar. Oziq-ovqat, ro‘zg‘or anjomlari, pul mablag‘laridan iborat jami 15 320 000 so‘m miqdorda xayr qilindi. Albatta bu ishlar homiylar va “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali ko‘magida amalga oshirildi. Saxovatpesha xalqimiz o‘zining himmatini ayamaydi. Xabarlarda bunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”; “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki u har bir qoqinganida Parvardigor uni qo‘lidan tutib turadi”; “Saxiylik bamisoli jannat daraxtlaridan biridir. Uning shoxlari dunyoga osilib tushib turadi. Kim uning shoxlaridan birini tutib olsa, u jannatga boshlab boradi. Baxillik esa do‘zax daraxtidir. Uning shoxlari dunyoga chiqib turadi. Kim shu shoxlardan birini ushlasa, uni do‘zaxga boshlab boradi”; “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”, - deydi tuman bosh imom xatibi Dilmurod Bektamishov.