Narpaylik fuqaro yangasini pichoqlab o‘ldirdi

Bugun, 31 yanvar kuni Narpay tumanida yashovchi R.M. akasining turmush o‘tog‘i U.P. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida oshxona pichog‘i bilan “qurollanib”, yangasining yashash uyiga borgan. Yangasi U.P.ning bo‘yin sohasiga pichoq sanchib, uni qasddan o‘ldirgan va voqea joyidan yashiringan.

Viloyat prokuraturasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, prokuratura xodimlari va tergov-tezkor guruhi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ushbu xonadon ko‘chasidagi ariq ichidan qonga o‘xshash dog‘lari bilan ifloslangan pichoq va boshqa ashyoviy dalillar olingan.

Tuman prokuraturasi tomonidan R.M.ga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, u himoya huquqi bilan ta’minlangan holda JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Narpay tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonini viloyat prokuraturasi ham nazoratga olgan.