Narx-navo bayram kayfiyatini belgilaydi

Pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb masala hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshib ketganligi borasida ko‘plab fikrlar bildirildi. Shunga muvofiq, viloyat hokimligi tomonidan qish-bahor oylarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Jumladan, kartoshka, sabzi, piyoz kabi asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 76 ming tonna zaxirasi yaratildi. Viloyatimizda yetishtirilmaydigan ayrim turdagi mahsulotlarni chetdan keltirish borasida ham 15 ta importyor korxona bilan hamkorlikda tizimli ishlar bajarilmoqda.

Umuman, bugun viloyatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish holati qandayligi aholini qiziqtiradi.

Joriy yilda viloyatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ayniqsa, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilib, 60 ming gektar maydonda takroriy ekinlar ekildi. Misol uchun, har yili kartoshka 4-5 ming gektarga ekilgan bo‘lsa, bu yil 9,5 ming gektarga ekildi.

Hozirda viloyatimizda aholi ehtiyojiga nisbatan go‘sht 122 foiz, sut mahsulotlari 200 foiz, tuxum 180 foiz, yog‘ mahsulotlari 148 foiz, kartoshka 312 foiz ko‘p jamg‘arilgan.

Aholi ehtiyoji uchun guruch va baliq mahsulotlari yetishmaydi. Shu sababli Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 13 ming tonna guruch keltiryapmiz.

Yangi yil oldidan narx-navo barqarorligini ta’minlash uchun barcha dehqon bozorlarda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilgan. Unda fermerlar, savdo-xarid korxonalari, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxlarda aholiga taqdim etmoqda. Buning evaziga bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlashga erishyapmiz. Lekin bu hali yetarli emas. Yurtboshimizning topshiriqlari asosida Toshkent shahridan arzon narxda yog‘, shakar, guruch mahsulotlarini olib kelishni boshladik. Tez orada belgilangan narxlarda savdoni amalga oshirib, bu mahsulotlarni xalqimizga yetkazib berishga harakat qilamiz.

Jamshid O‘ROQOV,

Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.