Mahallalarga tayinlangan hokim yordamchilarining 166 nafari tadbirkor
Xabar qilganimizdek, viloyat hokimining 2022 yil 11 yanvar kuni qabul qilingan farmoyishiga ko‘ra, viloyatimizdagi 1120 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari tayinlanadi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilib, mazkur yangi tizim va hokim yordamchilarining vazifalari haqida ma’lumot berildi.
– Mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha dastlabki ishlar viloyatimizda o‘tgan yil boshlangan edi, – dedi J.O‘roqov. – Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu ishlar takomillashdi va yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yilning dekabr oyidan hokim yordamchiligiga nomzodlar ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan o‘quvlar tashkil etildi, maqsad va vazifalar tushuntirildi. 11 yanvardan rasman ishga qabul qilingan 1120 nafar yordamchilarning 241 nafari shu paytgacha rahbarlik lavozimida, 135 nafari o‘rinbosar sifatida, 741 nafari bo‘lim mudiri, bosh mutaxassis bo‘lib faoliyat olib borgan. Shuningdek, ular orasida 166 nafar tadbirkorlar bor. 39 nafar xotin-qizlar ham yordamchi sifatida mahallada ish boshladi. Hokim yordamchiligiga tayinlangan shaxslarning avvalgi ish joyidagi lavozimi ikki yilgacha muddatga saqlab qolinadi va bu davrda ushbu lavozimga boshqa shaxslarni muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha ishga qabul qilinadi.
Hokim yordamchilari faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish maqsadida ularning birinchi chorak ish rejasi, hujjatlar joylashuvi nomenklaturasi tasdiqlandi. Ish jarayonida foydalanishi uchun tayyorlangan 84 varaqdan iborat qo‘llanma hamda mahallaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan ishlash bo‘yicha asosiy vazifalari jamlanmasi yetkazildi. Hozirda hokim yordamchilari “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, hokim yordamchilarining doimiy ravishda, iqtisodiy va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida hokim yordamchilari telegram kanali tashkil etilib, unga ish jarayonida foydalanishlari uchun 50 dan ortiq me’yoriy hujjatlar ro‘yxati va ushbu hujjatlar elektron shakli kiritildi.
Hozirda hokim yordamchilari tomonidan viloyatdagi barcha mahallalarda xonadonbay xatlov ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, har bir xonadon bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatda 100 ta mahalla fuqarolar yig‘inini namunali mahallaga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqyapmiz.
2022 yilda aholini tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini-o‘zi band qilish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha ajratiladigan 196 milliard 953 million so‘m subsidiyalarning maqsadli parametrlari mahalla kesimida, har bir hokim yordamchisiga taqsimlandi.
Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrdagi 62-son qaroriga muvofiq, mahallabay ishlash va hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi, shuningdek, 16 ta tuman (shahar)dagi markazlar faoliyati tuzilmalari tasdiqlanib, ular zarur vositalar bilan ta’minlandi.
Matbuot anjumani davomida J.O‘roqov jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.