Mahallalarda hokim yordamchisi kimga, qanday yordam beryapti?

Bu yil yurtimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari tashkiliy tuzilmasi va faoliyatida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mahallalarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli lavozimlari joriy etildi. Ayni paytda esa fuqarolar yig‘ini raisi saylovi davom etmoqda. Tez orada bu jarayon ham yakuniga yetib, mahallalar yangicha asosda ish olib boradi.

Albatta, bu yangilik va o‘zgarishlar, avvalo, hududlar rivojiga xizmat qilishi, aholi turmush tarzi, hayotida o‘z aksini topishi lozim.

- Samarqand viloyatidagi 1126 mahallada ham bugun tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga eng ustuvor vazifa sifatida qaralyapti, - deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid O‘roqov, - Joriy yilning to‘rt oyida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 8316 ta jismoniy va yuridik shaxsga 232,5 milliard so‘m kredit ajratilgan. Shuningdek, 1444 ta fuqaroga 1,8 milliard so‘m subsidiya berilgan. Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumani Omonboyko‘prik mahallasi hokim yordamchisi Samariddin Xodiyev tavsiyasi asosida mahallada yashovchi Abdug‘affor Sharipovga metallni qayta ishlash faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun “Agrobank” ATB hududiy filiali tomonidan 225 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu faoliyat yo‘lga qo‘yilishi hisobidan 8 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta’minlandi.

Alohida ta’kidlash lozim, tegishli banklar tomonidan ajratilayotgan mikrokreditlar mahallada biror faoliyatni yo‘lga qo‘yish, shu bilan oila a’zolari yoki 3-4 fuqaroning bandligini ta’minlash imkonini beryapti. Masalan, Nurobod tumani Oqsoy mahallasi hokim yordamchisi Sohibjon Tog‘ayev tavsiyasi bilan mahallada yashovchi Amin Aksakalovga novvoylik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun “Agrobank” hududiy filialidan 3 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu kredit va A.Aksakalovning 5 million so‘m o‘z mablag‘i hisobidan mahalla markazida nonvoyxona ishga tushirilib, oilasi daromad manbaiga ega bo‘ldi. 

Viloyatimizda hokim yordamchilari tomonidan aholi bandligini ta’minlash maqsadida olib borilgan ishlar natijasida 2022 yil aprel oyida 14 956 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Ularning 2 100 nafari doimiy ishlar, 12 537 nafari o‘zini-o‘zi band qilish va 319 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

Xususan, Qo‘shrabot tumani Qiyqim mahallasida ishsiz fuqaro Mahbuba Aminova hunarmandchilikning milliy liboslar tayyorlash faoliyat turi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tishi yuzasidan ko‘mak so‘ragan. Hokim yordamchisi Abdurauf Ismoilov unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, faoliyat boshlashiga yordam berdi. Natijada mahalladagi 13 nafar ishsiz fuqaro ishli bo‘ldi. Tumanning Pichot mahallasi hokim yordamchisi Azamat Rustamov ko‘magi bilan mahallada yashovchi Zebo Jo‘rayeva hamda Lola Toshnazarovaga tikuvchilik va to‘quvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun mahalla binosidan bitta xona ajratildi. Natijada 3 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi, qolaversa, bu yerda ijtimoiy daftarlarda 40 nafardan ziyod turuvchi xotin-qizlarga bepul kasb-hunar o‘rgatilmoqda.

Bu ushbu tizimning samarali faoliyatini tasdiqlovchi birgina tuman misolida erishilgan natijalar. Viloyat miqyosida olganda, barcha tumanlarda bu kabi ishlarni ko‘plab misol keltirish mumkin.