Hokim yordamchilari tomonidan berilgan kreditlarning o‘rtacha 7,9 foizi qaytarilmaydi
Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida spikerlar tomonidan odatda rasman e’lon qilinmaydigan qiziq raqamlar aytilgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovga ko‘ra, Hokim yordamchilari tomonidan berilgan kreditlarning o‘rtacha 7,9 foizi qaytarilmaydigan kreditlar. Ushbu toifadagi qaytarilmaydigan kreditlarning dinamikasi (o‘sishi, qisqarishi) ochiqlanmagan. Obid Hakimovning qayd etishicha, Kredit o‘rtacha hajmining 1 foizga oshishi 1000 aholiga to‘g‘ri keladigan muammoli (ishlamaydigan) kreditlarning 0,25 foizga o‘sishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, qaytarilmaydigan kreditlar bu NPL yoki 9-standart bo‘yicha qadrsizlangan kreditlar emas. Balki, qaytarilmaydigan deya umidsiz, ya’ni qaytmasligidan dalolat beruvchi omillar yoki alomatlar mavjud bo‘lgan hamda qaytmaydigan yoki qiymati juda pastligi tufayli hisobini balansda aktiv sifatida yuritilishi maqsadga muvofiq emas deb topilgan kreditlar nazarda tutilmoqda.
Agar hokim yordamchilari tomonidan berilgan kreditlarning o‘rtacha qaytarilmaydigan kreditlar *7,9%ni tashkil etsa, unda NPL ulushi ikki xonali ekani ehtimoli yuqori.
Markaziy bank oilaviy tadbirkorlikka ajratilgan kreditlar bo‘yicha muammoli kreditlar ulushi va hajmini alohida ko‘rsatmay keladi. Norasmiy hisoblarga ko‘ra, ushbu toifadagi kreditlar bo‘yicha NPL 20% atrofida.
Kambag‘allikni qisqartirish vositalaridan biri sifatida kambag‘al oila vakillarini tadbirkorga aylantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi iqtisodiy samarasizligi, yuqori korrupsiogenligi va qimmat ma’muriyatchiligi sababli tanqid qilib kelinadi.
P.S. Markazning aniqlik kiritishicha, 7,9% bu muammoli kreditlar ulushi.
Otabek Bakirov, iqtisodchi.