Hokim yordamchilari qanday ishlayapti?: Ularning birinchi chorakdagi faoliyati tahlil qilindi

Viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh bosh­qarmasida hokim yordamchilari uchun seminar tashkil qilindi.

Unda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi hamda uning hududlardagi markazlari, tijorat banklari, viloyat boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.

- Ushbu seminardan maqsad birinchi chorakdagi faoliyatimizni tahlil qilish hamda kelgusi vazifalarni belgilab olish, - deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bahriyor Rofeyev. - Bugungacha barcha mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat xonadonbay, jumladan, aholining bandlik darajasi, tomorqa yerlaridan foydalanish holati hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlari o‘rganildi va to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Shu asosda bandlik, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmalari hamda biznes va tadbirkorlik oliy maktabi viloyat bo‘limi tomonidan 3482 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan, 8757 ta kichik biznes sub’yekti tashkil etilgan, 496 nafar hunarmand faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Seminarda subsidiyalar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratishga ko‘maklashish, birinchi navbatda, ijtimoiy daftarlarga kirgan yoshlar va xotin-qizlarni ishga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish lozimligi ta’kidlandi. Ayni yo‘nalishdagi ishlar mutasaddi boshqarmalar mas’ullari ishtirokida sarhisob qilindi.

- Aholiga qulaylik yaratish maqsadida kreditlar ajratish bo‘yicha onlayn platforma tashkil qilingan, - deydi Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ixtiyor Ergashev. – Unda har bir mijoz o‘z arizasining qaysi bosqichda ekani, tavsiya qilingan yoki rad etilganini kuzatish imkoniyatiga ega. Hozirda ushbu platforma takomillashtirilib, shaffof tizim yaratilyapti.

Bugungacha “Oila – kredit” dasturi doirasida yagona elektron platforma orqali yuridik va jismoniy shaxslardan 30 ming 800 ta ariza tushgan. Hokim yordamchilari tomonidan 14 ming 973 ta ariza rad etilgan bo‘lsa, 10 963 ta ariza asosida 318,7 milliard so‘mlik loyihalar mahsulotlari ta’minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berilgan. Joriy yilda “Agrobank”, “Mikrokreditbank” va “Xalq banki” tomonidan 5921 ta loyihaga 169,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.