Samarqanddagi hokim yordamchilari orasida hokim o‘rinbosarlariga ham, salohiyatiga qarab ma’lumoti oliy bo‘lmaganlarga ham ishonch bildirildi: Ularga qanday imkoniyatlar berilgan?

Joriy yil 11 yanvardan viloyatimizdagi 1120 ta mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari o‘z faoliyatlarini boshladi.

Mazkur lavozimga 15 nafar o‘rta maxsus, hamda 6 nafar tugallanmagan oliy (sirtqi yo‘nalishda ta’lim olayotgan), 1099 nafar oliy ma’lumotli fuqarolar ishga qabul qilingan.

Tahlillarga ko‘ra, hokim yordamchilarining 93 nafari ikki va undan ortiq oliy ta’lim muassasalarini, 7 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini, 13 nafari Bank-moliya akademiyasini, 10 nafari Soliq akademiyasini, 2 nafari Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va 14 nafari xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilaridir.

Hokim yordamchilaridan 847 nafari yoki 76 foizi iqtisodiy yo‘nalish bo‘yicha tayanch oliy ma’lumotga ega. Yosh jihatdan 645 nafari 31-40, 244 nafari 41-50 hamda 64 nafari 50 va undan yuqori yoshdagilarni tashkil qiladi.

Ularning 657 nafari iqtisodiy, 84 nafari ijtimoiy, 34 nafari siyosiy, 33 nafari qishloq xo‘jaligi, 23 nafari qurilish kommunikatsiya kompleksiga kiruvchi tashkilotlardan o‘tgan. Bundan tashqari, 206 nafari shu paytgacha xususiy sektorda, 40 nafari o‘zini o‘zi boshqarish organlarida va 10 nafari siyosiy partiyalarda ishlagan.

Viloyatdagi 15 ta tijorat banklari va uning quyi tizimlaridan jami 199 kishi mahallalarga tushib, hokim yordamchisi sifatida faoliyat boshladi.

Mazkur lavozimga turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan 120 ga yaqin xodim ishga qabul qilingan. Jumladan, Past Darg‘om tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, Oqdaryo tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Urgut va Past Darg‘om tumani hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Kattaqo‘rg‘on shahar va Past Darg‘om tumani hokimlarining o‘rinbosarlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshliqlari, Bulung‘ur, Jomboy, Samarqand, Paxtachi, Toyloq tuman hokimlarining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchilari, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi hokim yordamchligiga tayinlangan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan hokim yordamchilarining avvalgi ish joylari muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha ishga qabul qilish uchun 330 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz)ga joylashtirildi. Ish izlab yurgan fuqarolarimiz mazkur lavozimlarga belgilangan muddatda hujjat topshirishi mumkin.

Shuningdek, ayni paytda har bir hokim yordamchisini Davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish onlayn platformasi (ilm.argos.uz)ga kiritish ishlari olib borilmoqda. Endi ular doimiy ravishda o‘z malakasini oshirishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga hokim yordamchilarini ish samaradorligiga qarab mamlakatimizning kadrlar bo‘yicha “Oltin fondi” hisoblanmish Milliy kadrlar zahirasiga kiritish yuklatilgan.

Ularning ikki yillik faoliyati natijalariga ko‘ra lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar hamda hududiy hokimliklarga takliflar kiritib boriladi. Bu orqali hokim yordamchilari tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Axatov Foziljon,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining viloyat filiali yetakchi inspektori.