Birlamchi ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlar jarimaga tortiladi

Bu tartib «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi Prezident farmonida belgilandi.

Hujjat bilan iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida ham chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi:

- tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
- tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
- ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

Moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bir oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Shuningdek, quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi:

- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xom ashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (ko‘rsatilishini) noqonuniy cheklash;
- litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
- monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik.

Oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi BHMning 10 ming baravaridan (2,7 milliard so‘m) oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e’tirof etilmaydi hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qo‘llanilmaydi.