Navoiy kon-metallurgiya kombinati Sirdaryo va Buxoro viloyatlariga yordam jo‘natdi
El boshiga ish tushganda yaqindan ko‘makdosh bo‘lish qon-qonimizga singib ketgan. Bu an’ana tabiiy ofatlar oqibatida respublikamizning ba’zi hududlari aholisiga yetkazilgan talafotlarni hamjihatlikda bartaraf etishda yaqqol namoyon bo‘layapti. Bunday xayrli ishlarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori to‘g‘onidan suv chiqishi natijasida yuzaga kelgan toshqin oqibatlarini bartaraf etishga kombinat birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zdi. Zudlik bilan toshqin bo‘lgan suv omboriga kombinatning maxsus va qudratli texnikalari jo‘natildi. Ayni paytda korxonaga tegishli 42 ta avtosamosval, yo‘l qurilishi, yuklash, tushirish va boshqa maxsus texnikalar ofatni bartaraf etish ishlariga to‘la safarbar etilgan. Sirdaryoliklarga ko‘makka otlangan ishchi-xodimlar, muhandis va mutaxassislar uchun kombinat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.
Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, kombinat jamoasi sirdaryoliklarga moddiy yordam ko‘rsatish borasida boshlangan xayriya tadbirlaridan ham chetda turmadi. Kombinat ishchi-xodimlari tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan yurtdoshlarimizga o‘z shaxsiy jamg‘armalaridan 10 million so‘mdan ortiq mablag‘, shuningdek, turli uy-ro‘zg‘or buyumlari, badiiy adabiyotlar va o‘quv qurollaridan iborat moddiy yordam ko‘rsatishdi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida yuz bergan tabiiy ofat oqibatida ziyon yetgan ijtimoiy ob’yektlar va aholi uy-joylarini tiklash ishlariga ham kombinat beg‘araz yordam ko‘rsatishga qaror qildi. Bugun 3 ming 800 dona shifer, 40 kub metr taxta yog‘och (stropila), 1 tonna mix yuklangan karvon ushbu hududlarga yetib bordi. Shuningdek, kombinatdan borgan 40 nafar tajribali duradgor va ustalardan iborat guruh ham ishlarni boshlab yubordi.
Abdumajid JO‘RAYeV,
NKMK bosh direktori matbuot kotibi.