Konchilar bilan bir kun: Zarmitandagi oltin konida

Keyingi paytda jamiyatdagi ochiqlik, ommaviy axborot vositalarining qog‘ozda emas, amalda erkin ishlashi uchun yaratilgan sharoit hamda axborot olish va tarqatishda barcha tashkilot, idoralarning eshiklari ochilgani, rahbarlarning intervyu berishdan cho‘chimayotgani tufayli matbuot anjumanlari, brifinglar o‘tkazish, press-turlar uyushtirish an’anaga kirdi. Hatto, bir paytlar ma’lumot olish uchun ne-ne eshiklarga bosh suqish, rasmiy xatlar yuborish, norasmiy ruxsat so‘rash kerak bo‘lgan korxonalar, idoralar ham bugun o‘z faoliyati haqida ochiq-oydin ma’lumot bermoqda. Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Qo‘shrabot tumani Zarkent shaharchasiga – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Janubiy kon boshqarmasiga qarashli kon va ishlab chiqarish korxonalariga uyushtirilgan press-tur ana shu o‘zgarishlar mahsuli bo‘ldi.

Buni kombinat va boshqarma mas’ullari ham qayd etib, birinchi marta Janubiy kon boshqarmasiga bunday keng ko‘lamda jurnalist va blogerlar taklif etilganini ta’kidladi.

Samarqand va navoiylik ommaviy axborot vositalari vakillariga Navoiy kon-metallurgiya kombinatining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni va salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi, bu haqdagi matubot xabarnomasi tarqatildi (avvallari bunaqa “press-reliz”lar bo‘lardimi?).

Toshdan oltin ajratib

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 13 foizdan ortiqni tashkil etadi, davlat byudjetiga jami tushumlarining ulushi esa 20 foizga yaqin. 2021 yilda kombinat jahondagi oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar reytingida beshinchi o‘rinni egallagan. Kombinatning “999,9” soflikdagi oltin quymalari jahonning qimmatbaho metallar birjalarida O‘zbekiston brendiga aylandi!

Keyingi yillarda kombinatda yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar doirasida 2021 yilda 7-gidrometallurgiya zavodi foydalanishga topshirildi. 2-gidrometallurgiya zavodida yiliga 12 million tonna ma’danni qayta ishlaydigan “B” korpusi ishga tushirildi.

Olti ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilayotgan Janubiy kon boshqarmasi kombinatning yirik bo‘linmalaridan biridir.

– Zarkentda boshqarmamizning 4-gidrometallurgiya zavodi, “Zarmitan” va “G‘ujumsoy” konlari mavjud, – deydi Janubiy kon boshqarmasi boshlig‘i Tolliboy Yo‘ldoshev. –  “Zarmitan” yerosti konining yillik ma’dan qazib olish quvvati 850 ming tonnani, “G‘ujumsoy”niki 800 ming tonnani tashkil etadi. O‘rtalik konda esa yiliga 500 ming tonna ma’dan qazib olamiz. Konlarda tarkibida oltin bo‘lgan kvars-sulfidli ma’dan olinadi. Bunda “Epirog”, “Sandvik”, “Paus”, “Miner” kabi xorij kompaniyalarining eng zamonaviy texnikalari – yerosti o‘ziyurar yuklash va tashish mashinalari, shaxta avtoag‘dargichlari, burg‘ulash qurilmalari va boshqa asbob-uskunalardan keng foydalanamiz.  2021 yil avgust oyida “Zarmitan” konining “asosiy” stvoli maydonida qurilgan shaxta ko‘tarish qurilmasi binosi va stvol kopyori ishga tushirildi. Natijada, “asosiy” stvol gorizontlariga ishchi-xodimlar, yuklarni tushirish-ko‘tarish va qazib olingan ma’danni yuqoriga tashish uchun qulayliklar yaratildi. Shu davrgacha ishlatilib kelingan shaxta ko‘tarish qurilmasi yer ustki sathidan 300 metr chuqurlikkacha tushardi. Endilikda 930 metr chuqurlikkacha tushish va yer quyi sathlaridagi zaxiralarni yuqoriga – yer ustki qismiga olib chiqish imkoniyati mavjud.

“G‘ujumsoy” konida 2018 yilda chuqurligi 500 metr, aylanasi 6 metr bo‘lgan yangi shaxta ishga tushirilgan. Buning natijasida konining loyiha quvvati 750 ming tonnadan oshdi. 2021 yilda konda maydalash-saralash texnologik tizim va ko‘chma to‘ldirish qurilmasi foydalanishga topshirilgan. Kelgusida “G‘ujumsoy” konining ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.

2010 yil avgust oyida ishga tushirilgan 4-gidrometallurgiya zavodi mamlakatimizda mustaqillik yillarida kombinat tomonidan barpo etilgan ikkinchi yirik sanoat majmuasi hisoblanadi. 2010-2021 yillarda zavodning tarkibida oltin bo‘lgan ma’danni qayta ishlash unumdorligi yiliga 1,8 million tonnadan 2 million tonnagacha oshirildi, oltinni ajratib olish ko‘rsatkichi esa 92,2 foizni tashkil etdi. O‘tgan vaqt mobaynida korxonada “Zarmitan” va “G‘ujumsoy” konlaridan qazib olingan 20 million tonnadan ortiq ma’dan qayta ishlandi.

Konchilar – o‘zimizning qorako‘zlar

Geologik tadqiqotlarga ko‘ra, Zarmitan oltin konlarining zaxiralari zavodning 2070 yilga qadar bir maromda ishlashiga yetadi. Hozirgi vaqtda 500 nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatayotgan zavodda eng zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.

Bugungi kunda zavod va konlarni mahalliy kadrlar boshqarmoqda. 4200 dan ortiq ishchi-xodim respublikamizning turli hududlaridan. Yuqori maosh, kafolatli tibbiy va ijtimoiy xizmatlar bois ko‘pchilikni mazkur korxonalarga ishga kirish qiziqtiradi. Shuning uchun bu haqda mas’ullardan so‘radik.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, kon va zavodga ishga qabul qilish bugun elektron tizim orqali navbatga yozilish bilan amalga oshiriladi. Ya’ni, bo‘sh ish o‘rni yuzaga kelsa, navbati kelgan nomzodlar chaqirilib, kombinatning maxsus komissiyasi tomonidan suhbat va sinovdan o‘tkaziladi, salomatligi e’tiborga olinadi. 2021 yilda Zarkentdagi zavod va konlarda bo‘sh ish joyi bo‘lmagani uchun ishchilar qabuli amalga oshirilmagan. Bu yil esa hozirgacha ikki marta tanlov asosida ishchilar qabul qilingan.

Ishchilarni ijtimoiy muhofaza qilish, ular uchun munosib ish va turmush sharoiti yaratishga kombinat tomonidan alohida e’tibor qaratiladi. Bugungi kunda yurtimizning turli hududlarida NKMKning o‘nlab sanatoriy va dam olish maskanlari, tibbiy profilaktoriylari faoliyat olib bormoqda. Zarkentda ham konchilar va zavod xodimlari uchun tibbiy muassasa tashkil etilgan. Ishchilar uchun xizmat uylari, yotoqxona, dam olish maskanlari mavjud. Birgina 2021 yilda 356 xonadonli 21 ta ko‘p qavatli uy qurilgan.

6 soat 36 minutlik ish

Konchilarning zahmatli mehnati haqida ko‘p eshitganmiz. Press-tur davomida ham ko‘p hikoyalarni eshitdik. Boshqarma rahbariyati, tadbir tashkilotchilari xohlovchilar bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari vakillariga, Zarmitan koni shaxtasiga tushib jarayonni bevosita kuzatish uchun imkoniyat yaratib berishlarini aytishdi. Kutilmagan bu taklif, tabiiyki ko‘pchiligimizni qiziqtirdi va konchilar yoniga tushishga qaror qildik. Lekin bu biz o‘ylagandek oson emas ekan.

Dastlab mutaxassislar konga tushish va u yerda qat’iy rioya etish kerak bo‘lgan qoidalarni batafsil tushuntirishdi. Keyin maxsus kiyimlar, shuningdek, xavfsizlik uchun kerak bo‘ladigan vositalar berildi. Konga tushish tartib-qoidalari bilan tanishganimiz va zarur vositalarni olganimiz to‘g‘risida daftarlarda qayd etildi, imzo qo‘ydik.

Yer ostiga maxsus avtobuslarda tushishimizni aytishganda, ko‘z oldimizga odatdagi avtobuslar kelgandi. Yo‘q, adashgan ekanmiz. Konchilarning avtobuslari oddiy avtobuslardan tubdan farq qilarkan.  Xorijdan keltirilgan, “PAUS” rusumli bu transport vositalari texnik imkoniyatlari va xavfsizlik nuqtai nazaridan ham ancha mukammal, ishonchli deyishdi. Ikkita avtobusda mutaxassislar hamrohligida konga tusha boshladik. Tushuntirishgandi, shaxtada transport vositalari 20 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanmas ekan. Haqiqatan ham sekin-asta pastga qarab harakatlana boshladik. Manzilimiz – ma’dan qazib olinayotgan, konchilar ishlayotgan joyga – chamasi yer yuzidan 420-500 metr pastgacha tushishimiz kerak ekan. Bitta transport vositasi sig‘adigan yo‘lda ketyapmiz. Kutilmaganda ro‘paramizdan yana bir transport vositasi chiqib qoldi. Hamrohlarimizning aytishicha, bu kondan ma’dan olib chiqayotgan transport ekan. Avtobus haydovchisi chiroqni o‘chirib-yoqib ishora berdi. Yuk ortib kelayotgan mashina biroz orqaga harakatlanib, yo‘lning chetida maxsus joyga kirib turdi va biz o‘tib ketgach, yana yo‘lda harakatini davom ettirdi. Yo‘lning har 150-200 metrida shunday to‘xtab turish joylari tashkil etilgan, transport vositalari shu orqali bir-birini o‘tkazib yuborar ekan. Manzilga yetgunimizcha bir necha marta shunday holat kuzatildi. Goh bizning avtobuslar, goh ro‘paradagi transport vositasi yo‘lning maxsus belgilangan joyiga o‘tib turdi.  

Nihoyat, manzilga yetib keldik. O‘zi yurar texnikada yer ostidagi toshlarni o‘yib, yo‘l ochayotgan, ma’dan qazib chiqarish uchun sharoit yaratayotgan konchilar ish jarayonni kuzatdik.

– 15 yildan buyon konda ishlayman, – deydi o‘zi yurar texnika boshqaruvchi operatori Davron Nazarov. – Ishimiz murakkab va og‘ir, lekin o‘rganib ketganmiz. Haftada besh kun ishlaymiz, ish soatimiz 6 soat 36 minut. Shu vaqt mobaynida ushbu texnika yordamida 1,5-2 metr masofada burg‘ulash ishlarini bajaramiz. Keyin boshqa smenadagi hamkasblarimiz ishn%D