Barcha mamlakatlar hududlari bitta diagrammada taqqoslandi

Kattaligi jihatidan dunyodagi kontinental gigantlar, kichik orol davlatlar va hududlar o‘z o‘lchamlari bilan bir biridan keskin farq qiladi.

Visualcapitalist portali tomonidan yaratilgan yangi diagrammada har bir mamlakat (quruqlik va ichki suv havzalari qo‘shib hisoblanadi) o‘zining umumiy maydoni bo‘yicha tartiblangan.

Sayyoradagi eng yirik davlatlar qatoriga Rossiya, Kanada, Xitoy va Amerika Qo‘shma Shtatlari kiradi - birgalikda ular Yerning deyarli 30 foizini egallaydi.

Hudud kattaligi bo‘yicha so‘zsiz yetakchi Rossiya davlati. Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan 11 soat mintaqasi bo‘ylab cho‘zilgan mamlakat hududining 65 foizidan ortig‘i abadiy muzlik zonasida joylashgan.

Kanada ko‘p jihatdan unga o‘xshash: mamlakatning shimoliy yerlari tundra, tayga va Arktika iqlimi bilan qoplangan. Shunga qaramay, Kanada Statistik boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, davlat aholisining taxminan 66 foizi AQSh chegarasidan bor-yo‘g‘i 100 kilometr uzoqlikda (yaqinlikda) istiqomat qiladi.

Tasvirning boshqa tomonida maydoni bir necha kvadrat kilometrni tashkil etadigan Monako va Gibraltar kabi mayda davlatlar joylashgan.

Masalan, atigi 2,1 kvadrat kilometr maydonga ega Monako Vatikandan keyin dunyodagi ikkinchi eng kichik suveren davlatdir. Kamtaronaligiga qaramay, knyazlikda 39 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, bu esa uni sayyoradagi eng zich joylashgan hududlardan biriga aylantiradi.

Rasmiy ravishda Britaniyaning dengiz orti hududi (6,8 kvadrat kilometrdan biroz ko‘proq hududni egallaydi) hisoblanadigan Gibraltar Ispaniyaning janubiy chekkasida joylashgan bo‘lib, u Atlantika okeanini O‘rta yer dengizi bilan bog‘laydigan asosiy dengiz nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.