“Keksalar haftaligi”: 78 ming nafardan ziyod nuroniy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Shu yilning 2-8 oktyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab “Keksalarga hurmat - yoshlarga ibrat” shiori ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Viloyatimizda ham haftalik doirasida mahallalarda nuroniylar, jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar holidan xabar olinib, xayriya tadbirlari, sport musobaqalari, nuroniylar va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

- Haftalik doirasida yurtimizdagi muzeylar, teatrlar va ziyoratgohlarga 90 ming nafarga yaqin nuroniylarning sayohatlari uyushtirildi, - deydi Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Donaqul Toshboyev. - Xususan, Urgut tumanidan bir guruh nuroniylar qadimiy Buxoro hamda Xorazm viloyatlariga, oqdaryolik keksalar Jizzaxdagi Zomin dam olish maskaniga sayyohat qildi.

Shuningdek, keksalarning sog‘ligini tiklash maqsadida mahallalarda 78 ming nafardan ziyod keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan 497 nafar keksalarga reabilitatsiya vositalari - nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi, 7894 nafar yakka-yolg‘iz keksalar hamda ijtimoiy himoyaga  muhtoj nuroniylarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi, 4437 ming nafar keksalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

“Inson taftini inson oladi” shiori ostida uyida yotib qolgan 29631 nafar, shifoxonalarda davolanayotgan 2869 nafar nuroniyning holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi, 384 nafar keksalarning yubiley kechalari o‘tkazildi, ularga “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining tabriklari, tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Nuroniylar yoshlar nigohida” mavzusida qator madaniy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etildi. Ta’lim muassasalarida uyushtirilgan “Asr bilan yuzma-yuz” tadbirlari doirasida 100 yosh va undan katta 32 nafar nuroniylar holidan xabar olindi. “Keksalarning hayoti biz uchun ibrat” mavzusida mahallalarda, ta’lim muassasalarida va tashkilotlarda davra suhbatlari o‘tkazildi.

Joylarda “Qo‘sha qarish saodati” mavzusida 50, 60 va unda ko‘p yil birgalikda umr kechirib, hayot gashtini surayotgan nuroniylarning ibratli hayotini yosh avlodga targ‘ib etish maqsadida ma’naviy-madaniy tadbirlarni tashkil etildi.

Mazkur tadbirlarga mahallalardagi ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalarning ishtiroki ham ta’minlanib, ularga keksalarning hayot yo‘li namuna qilib ko‘rsatildi.

Mahallalarda madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, shaxmat-shashka, voleybol, mini-futbol, stol tennisi kabi sport musobaqalari o‘tkazildi. Ularda 56 ming nafardan ziyod nuroniy jalb qilindi.