​​Pokiza niyat

Hammasi bir maromda ketayotgandi. Ro‘zg‘or ham: birovdan oldin, birovdan keyin degandek.

G‘ayrat alohida hovlida, ukasi otasi bilan birga bitta hovlida, Karima opasi pochchasi, bola-chaqasi bilan o‘zining uyida. Opasining turmush o‘rtog‘i qurilishda ishlardi. Falokat bo‘lib, ertalab o‘z oyog‘i bilan chiqib ketgan odamning shomda sovugan tanasi keldi...

Ukasi Muzaffar maktabda mehnat fanidan dars beradi. Otasining nafaqasi haminqadar.

G‘ayrat - naqqosh. Ba’zan hattotlik qiladi. Ishi mavsumiy. Shu kunlarda qo‘li tuzukroq pul ko‘rmaydi. Pochchasi o‘lgach uyidagilari yil o‘tmay, opasining ko‘ch-ko‘ronini olib kelib tashladi. Uchta bolasi bilan. Bugungi oilaviy majlisga otasi ukasi ikkalasini chaqirgan...

Odatdagi so‘rashishlardan so‘ng bir lahzalik jimlikni otasining biroz asabiy, shoshib aytgan gaplari buzdi.

- Sizlarni yig‘ishdan maqsad shu — ikkalang opangga uy olib berasan. So‘ng bolalarining ahvolini o‘zi yaxshi bilganidanmi yerga qarab oldi.

Oraga jimlik cho‘kdi.

G‘ayrat uyga kelgach, uzoq o‘yga cho‘mdi, yig‘ib qo‘ygan puli yo‘q, o‘zi ro‘zg‘orni zo‘rg‘a eplayapti, ammo opasiga uy olib bermasa bo‘lmaydi. Ilojsizlik qursin. O‘ylab qarasa, otasi unga hech qachon biror narsa yuklamagan ekan. "Dadam qaribdi, endi opamga uy-joy qilib berishga ko‘zi yetmayapti, nimadir qilishim kerak!". Bir payt qachonlardir olib qo‘ygan qimmatbaho bo‘yoqlari esiga tushdi, uyining yerto‘lasiga tushib, bo‘yoqlarni tashib chiqara boshladi. U o‘zi zo‘rg‘a yetishgan, bir olam orzular bilan olgani—bu bo‘yoqlar yog‘ochga bezak berish uchun keltirilgan bo‘lib, o‘ta tiniq va yorqin ranglarni ifodalab bera olardi.

Ertasiga bo‘yoqlarni bozorga olib bordi. Xaridor ham topila qoldi. Undan molni sotib olgan odam ko‘z oldida sal nariroqdagi joyiga olib borib ikki baravar narxiga pulladi.

G‘ayrat anqayib qoldi, ammo sotuvchi yigitga indamadi. Ertasiga qolgan bo‘yoqlarni o‘zi keltirib sotdi. Xaridor tadbirkor yigit bo‘lib, qurilish firmasi bor ekan, katta bir odamning uylarini sharqona uslubda ta’mirlashni bo‘yniga olganini, naqqoshlar kecha keltirgan bo‘yoqlarning juda noyob ekanligini aytgandan so‘ng qaytib kelganini aytib o‘tdi.

G‘ayrat bir yumalab bo‘yoq yetkazib beradigan savdogarga aylandi. Shu bahona bozorga kirib keldi.

Opasiga uy olib berish hayotining maqsadiga aylandi. Ertadan kechgacha yelib-yugurar, har kungi tushumini hisoblar, tezroq otasini xursand qilgisi kelardi. Niyati xolisligi uchunmi Xudoyim ham biriga ming berib, birpasda bozorning past-balandini o‘rganib oldi.

U opasiga ta’mirdan chiqqan, uch xonalik uyning kalitini berganida qalbida hech his qilmagani katta bir shodlikni tuydi. Otasi yig‘ladi, qiblaga qarab kaftini ochdi.

- Tuproq olsang oltin bo‘lsin, oltin boshing omon bo‘lsin. Yetimlarga uy olib berding, chor tarafda uying bo‘lsin, bolam.

Insonning niyati yo‘ldoshi bo‘ladi. Hikoyamiz qahramoni hozir shaharning ko‘zga ko‘ringan badavlat insonlaridan biri bo‘lib, yaxshilik uchun tashlagan bitta qadamiga Alloh unga minglab eshiklarni ochib berganini, otasining bitta duosi bilan shaharda badavlat insonlarning biriga aylanganini aytib o‘z hikoyasini yakunladi.

Feruza Salxojayeva.