Navoiyni o‘qish emas, uqish kerak
To‘g‘risi, til va adabiyot fanlari chuqur o‘rgatiladigan oliy o‘quv yurtlarini inobatga olmasak, aksariyat ta’lim muassasalari, ayrim korxona va tashkilotlarda yilda bir marta 9 fevral arafasidagina navoiyxonlik kechalari o‘tkaziladi.
Ko‘pchilik Navoiy asarlarini sevib o‘qiydi, san’atkorlar kuyga soladi. O‘quvchi va talaba yoshlar, hatto bog‘chaga qatnaydigan bolalar ham g‘azal va ruboiylarini yod oladi. Ammo hammayam ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglolmaydi. Hazrat ijodini o‘qib, uqib o‘rganish kerak.
Bu fikrlar Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan kitob taqdimotida ta’kidlandi. Taqdimot qilingan 3 tomlik kitob buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining muxtasar sharhi, matn, nasriy bayon va lug‘atni o‘z ichiga olgan. Kitob navoiyshunos olim, yozuvchi Akrom Malik tomonidan tayyorlangan.
Tadbirkor, “Xatirchi elita” agrofirmasi rahbari Farhod Rahmatullayev sa’y-harakati bilan tashkil etilgan tadbirda muallif bilan uchrashish istagida bo‘lgan samarqandlik ijodkorlardan tashqari, yozuvchining Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridagi muxlislari ham ishtirok etdi.
- Navoiyni tanish u kishining tarjimai holini yodlashdan iborat emas, - deydi Akrom Malik. - Balki hazratni bilish asarlarini o‘qish va tushunish bilan amalga oshadi. Navoiy asarlarining tarbiyaviy ahamiyati beqiyos. Savollar tug‘iladi: nima uchun Navoiyni tushunmayapmiz? Nega tushunmasak ham uning kitoblari chang bosib yotmaydi va har yili ularni varaqlaymiz, tavallud topgan kunini nishonlaymiz? Navoiyni tushinish uchun uning asarlarini taqvo bilan, ixlos va muhabbat bilan o‘qish kerak.
Ha, buni “Hayrat ul-abror” dostonining sharhiga bag‘ishlangan kitoblarni o‘qisangiz amin bo‘lasiz.
Tadbirda 3 tomlik "Hayrat ul-abror" dostoni va muallifning "Halqa" hamda "Jangchi" nomli kitoblari mehmonlarga, oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga va faol talabalarga tarqatildi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV (foto).