Navoiyshunoslikning yangi yutug‘i: Mutafakkirga bag‘ishlangan kitob ozarbayjon tilida chop etildi
Ilmni igna bilan quduq qazishga mengzaydilar. Bu bejiz emas. Ayniqsa, bu talqinni adabiyot ilmiga nisbatan qo‘llash ilmning zalvorli yukini yana bir karra eslatib turadi.
Chunki mumtoz asarlar tadqiqotchisi ikki bosqich orasida toblanadi, ilmda o‘z yo‘lini topadi. Ularning birinchisida ilm yo‘liga kirgan tolib mumtoz asarlar sir-asrorini egallaydi, ikkinchisida o‘zi egallagan bilimlarni yoshlarga o‘rgatadi, ularga tahlilga tortilgan asar mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib, ilm sari yo‘naltiradi.
Boshqacha aytganda, haqiqiy ilm yo‘lini tutgan olimni o‘tmish va kelajakni bog‘lab turuvchi ko‘prikka qiyoslash mumkin. Chunki yosh avlod o‘tmishga ustozlar nazari bilan boqadi, uning o‘gitlari asosida mushohada qiladi, tafakkurini kengaytiradi. Zamonamiz navoiyshunoslik ilmida taniqli olim, filologiya fanlari doktori, professor, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovning o‘ziga xos o‘rni bor.
O‘zbek adabiyotshunosligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 300 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari e’lon qilingan, jumladan, 15 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 13 ta monografiya, 230 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi bo‘lgan Sh.Sirojiddinovga Samarqand shahrida o‘tkazilgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining yalpi majlisida Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot topshirilgan edi. Bu mukofot muallifning turkiy xalqlar adabiyoti va aloqalari rivojiga qo‘shgan hissasi e’tirofidir.
Olim umri davomida o‘zbek va turkiy xalqlar mumtoz adabiyoti, Alisher Navoiy hayoti va ijodini yangicha o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Uning bir necha tilda yaratgan asarlari «Alisher Navoiy aqidalari», «Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik tekstologik tahlili», «Navoiy navosidan bahra olib», «Navobaxsh baytlar jozibasi», talabalar uchun mo‘ljallangan «Navoiyshunoslik» darsligi, «Amir Alisher», «Ilm va tahayyul sarhadlari», «Navoiy zamondoshlari e’tirofida» kabilardir. Bundan tashqari, matnshunoslikka oid «Matnshunoslik saboqlari», «O‘zbek matnshunosligi qirralari», shu bilan birga, «Hijriy va milodiy yillarni o‘zaro tabdil qilish usullari», «Islom falsafasiga kirish: Kalom ilmi», «O‘zbek mumtoz adabiyotining falsafiy sarchashmalari», «Religii mira», «So‘fi Olloyor ilohiyoti», «She’riyatda inson ruhiy kamoloti talqini», «O‘rta osiyolik allomalarning falsafiy qarashlari» kabi bir qator asarlari navoiyshunosligimiz yutug‘i sifatida baholandi.
Bugungi kunda Shuhrat Sirojiddinov dunyoning o‘nlab mamlakatlari Fanlar akademiyalari va ilmiy kengashlari a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi atamashunoslik komissiyasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shuhrat Sirojiddinovning 2023 yilda Toshkentda «Adabiyot” nashriyotida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan «Amir Alisher. Hayoti va faoliyati” kitobi Navoiy ijodini o‘rganish borasidagi ishlarni yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi, deyish mumkin. Yaqinda Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasida ushbu kitobning ozarbayjoncha tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy hayoti bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarga boy bu asar o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi bo‘yicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarga ishonchli manba, ta’lim tizimining turli pog‘onalarida adabiyotimiz tarixiga oid darslik va qo‘llanmalar yaratishda muhim qo‘llanma bo‘lishiga shubha yo‘q.
Erkin MUSURMONOV,
filologiya fanlari doktori, professor,
Tolib JO‘RAYeV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.