Navro‘z — hamjihatlik ayyomi

Samarqand shahridagi “Panjob” madrasasida shu nomdagi ashula va raqs dastasining Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Chinakam bayram sayliga aylangan tadbirda shahar mahallalari tomonidan bahoriy pishiriqlar yarmarkasi tashkil etildi. Konsert avvalida elimiz suygan san’atkorlar, “Zarafshon” doirachilar ansambli, 3-bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasining chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
— Ansanblimiz tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, unga qiziquvchi yoshlar soni ortib bormoqda, — deydi Samarqand davlat universitetining an’anaviy xonandalik ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Diyora Jafarova. — Navro‘z birdamlik va hamjihatlik ayyomidir. Shu bois konsertimizda shashmaqom, ozorbayjon, eron va boshqa xalqlar san’atini ko‘rsatyapmiz. Kelajakda repertuarimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Ansambl a’zolari tomonidan ijro etgan kuy-qo‘shiqlar, turli xalqlar madaniyatini tarannum etuvchi raqslar, xususan, Navro‘z haqidagi forscha qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.