“Navro‘zda quvonganlar yil davomida xurram va farog‘atda yashaydi”
Sobiq ittifoq davrida Navro‘zni diniy bayram sifatida qoralashgacha borildi. Hatto bayram sanasini mart oyining oxiriga belgilab, nomi “Navbahor” deb ataldi va buni xalqning ongiga singdirishga harakat qilindi.
Shukrki, bu cho‘pchaklar mustaqillik tufayli jo‘shqin hayot ummonining qaysidir burchaklarida millatimiz ruhiyati uchun yot unsur sifatida qolib ketdi. Endi Navro‘zni yilning boshlanishi, yasharish, uyg‘onish davri, ekin-tikinlarni boshlaydigan kun sifatida nishonlayapmiz.
Xorazmiy, Beruniy, Umar Xayyom, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Jaloliddin Rumiy, Shayx Sa’diy, Alisher Navoiy, Firdavsiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat kabi buyuk allomalarimiz Navro‘z mavzusida ko‘plab asarlar yaratdi.
Sharq mamlakatlari hukmdorlarining deyarli barchasi bu kunda bayram tadbirlari tashkil etishgan. Bunday tadbirlarda mashshoqlar, folklor jamoalari, qiziqchi-askiyachilar, dorbozlar chiqish qilib, chavandozu kurashchilar o‘zaro bellashishgan, yetim-yesirlar, kambag‘allar holidan xabar olingan, katta qozonlarda osh, halim, sumalak tayyorlanib xalqqa tarqatilgan. Bu kunlarda davlatlar o‘rtasidagi urushlar to‘xtatilgan. Dehqonlar, ziroatchilar yerga urug‘ qadagan, chorvadorlar yilqi, moli, qo‘y-echkilarini dala dashtlarga haydagan.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Navro‘zni bayram qilish bundan to‘rt ming yil avval Eron podshohlari tomonidan o‘sha davr olimlarining aniq astronomik hisob kitoblari asosida, tun va kunning tengligiga qarab joriy qilingan. “Navro‘z” so‘zining lug‘aviy ma’nosi fors tilida “yangi kun”ni bildiradi.
Umar Xayyom o‘zining “Navro‘znoma” asarida shunday yozadi:
“Yilning to‘rt bo‘lagi o‘tganda Navro‘z bo‘ladi va dunyoning holati yangilanadi.
Podshohlar yil boshida yaxshilikka fatvo berish va sanalarni belgilash hamda bayram uchun ma’lum marosimlar o‘tkazishlari zarur. Kimki Navro‘z kuni bayram qilib quvonsa, keyingi Navro‘zgacha xurram bo‘ladi va farog‘atda yashaydi. Podshohlar uchun bu odatni olimlar belgilab berishgan”.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, 2009 yil sentyabrda YuNESKO Navro‘zni jahon xalqlarining nomoddiy madaniy merosi sifatida ro‘yxatga kiritdi. 2010 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 64-sesssiyasida har yili 21 martni “Xalqaro Navro‘z kuni” deb qabul qildi. Bu kunni bayram sifatida nishonlash, ushbu qadriyatni butun dunyo xalqlariga targ‘ib qilish tashkilotning ish rejasiga kiritildi.
Ollamurod Isoqulov,
YuNESKO qoshidagi “Antik dunyo” akademiyasi doktori, professor.